2016-yildan buyon 91 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligini oldi

Noyabr 17, 2026. 12:30 • 2 daq

• 188
2016-yildan buyon 91 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligini oldi
2016-yildan buyon 91 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligini oldi

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun fuqarosizlikni qisqartirish va unga barham berish masalalari bo‘yicha trening trening bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari milliy markazi tomonidan BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorlikda Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun tashkil etildi.

Treningning maqsadi ishtirokchilarga fuqarosizlikni oldini olish va ularning sonini qisqartirish bo‘yicha xalqaro standartlar, jumladan, Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini qisqartirish to‘g‘risidagi 1961-yilgi Konvensiyada mustahkamlangan huquqiy kafolatlar haqida chuqur bilim berish, shuningdek, IIV xodimlarining fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni aniqlash, hujjatlashtirish va ularning huquqlarini himoya qilish borasidagi amaliy salohiyatini yanada mustahkamlashdan iboratdir.

Tadbirni ochib berar ekan, Inson huquqlari milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida mustahkamlangan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani, 2020-yilda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishi bu borada hal qiluvchi qadam bo‘lganini alohida ta’kidladi. 

IHMM rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 1992–2016-yillarda 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2016-yildan buyon 91 mingdan ortiq kishiga bu maqom berildi. Akmal Saidov bu natijalar, eng avvalo, ichki ishlar organlari xodimlarining joylardagi mashaqqatli va mas’uliyatli mehnati tufayli qo‘lga kiritilganini hamda Ichki ishlar vazirligi fuqarolik masalalarini hal etish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshiruvchi asosiy ijrochi organ ekanini qayd etdi.

Trening davomida Markaziy Osiyoda fuqarosizlikka barham berish va uning oldini olish: yutuqlar, saqlanib qolayotgan muammolar va imkoniyatlar, ilg‘or mintaqaviy tajriba, Fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global alyans va Ashxobod deklaratsiyasi masalalari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish