Gulshan Vashishtxa: Bizdan O‘zbekistonda erishilgan natijalarni qanday takrorlash mumkinligini so‘rashmoqda
Noyabr 14, 2026. 09:10 • 2 daq
• 328
ANTALIYA, 14-noyabr. /“Dunyo” AA/. Global yashil o‘sish instituti (GGGI) moliya strategiyasi va hamkorlik bo‘limi rahbari Gulshan Vashishtxa “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 10–11-noyabr kunlari Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning iqlim bo‘yicha jahon yetakchilari sammitidagi ishtiroki xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– GGGI O‘zbekiston va mamlakatdagi qator muassasalarni barqaror moliyalashtirish borasida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Biz keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik. O‘zbekiston bilan hamkorlikda erishilgan natijalar ko‘lami 1,5 milliard AQSH dollaridan oshdi.
Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Agrobank” bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalar ustida ishladik. GGGI O‘zbekistonning ko‘plab banklarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda va bu nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun manfaatli bo‘lmoqda. Mintaqadagi sheriklar bizdan O‘zbekistonda erishilgan bu kabi yutuqlarni qanday takrorlash mumkinligini so‘ramoqda. Shu bois bu yerda faoliyat yuritayotganimizdan g‘oyat faxrlanamiz.
Bugungi kunda O‘zbekiston ilgari surayotgan yirik tashabbus – bu “Orol” dasturidir. Mazkur dastur iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda biz hamkorlik qilayotgan YETTB kabi ko‘p tomonlama taraqqiyot banklari bilan birgalikda agrar sohaga investitsiyalar kiritishni ko‘zda tutadi.
Ushbu loyiha juda samarali dasturdir. Chunki u fermerlar hamjamiyatiga moliyaviy resurslardan yanada kengroq foydalanish imkonini beruvchi mexanizmni yaratadi.
O‘zbekiston fermerlarini, xususan, qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyormiz. Fikrimcha, mamlakatdagi fermerlarning 40–45 foizini ayollar tashkil etadi. YETTB bilan birgalikda biz fermerlarning moliyaviy manbalardan erkin foydalana olishini ta’minlash choralarini ko‘ramiz.
O‘zbekiston Prezidenti bu borada zarur shart-sharoitlarni yaratgan. Rivojlanish – bu texnik ko‘mak demakdir: buning uchun milliy darajada ishonchli loyiha va dasturlar zarur.
Yana bir muhim masala – bu sohaga investitsiya jalb qilishdir. Shu sababli O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashkilotlarga yo‘llagan da’vati juda to‘g‘ri va o‘rinlidir. Shunda milliy darajada amalga oshirilayotgan ishlarni xalqaro standartlar va metodlar bilan uyg‘unlashtirish mumkin bo‘ladi. O‘zbekistonga global moliyalashtirish aynan shu yo‘l bilan kirib keladi.
Bunday loyihalarni tayyorlash, ularni milliy miqyosda kelishish va muvofiqlashtirishni esa GGGI singari hukumatlararo tashkilotlar orqali olib borish muhim. Shundagina biz mamlakatga xalqaro moliyaviy mablag‘larni jalb qila olamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi