Toshkentda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda O‘zbekiston va jahon tajribasi muhokama qilindi

Noyabr 17, 2026. 16:00 • 2 daq

• 88
Toshkentda dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda O‘zbekiston va jahon tajribasi muhokama qilindi

TOSHKЕNT, 17-noyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida “Dinlararo bag‘rikenglik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Konferensiyada mamlakatimizning yetakchi olim va mutaxassislari, AQSh, Shvetsiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Qozog‘iston, Germaniya, Qirg‘iziston va Hindiston diplomatik korpusi vakillari, xorijiy ekspertlar, dinshunos va islomshunoslar, diniy konfessiyalar, milliy madaniy markazlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.

Birinchi sho‘ba yig‘ilishida ishtirokchilar Yangi O‘zbekiston va jahonning millatlararo hamda dinlararo totuvlikni ta’minlash borasidagi tajribasi, global dinlararo muloqotning yangi tendensiyalari, diniy bag‘rikenglikning xalqaro xavfsizlik va jamiyat barqarorligi uchun ahamiyati, turli din vakillarining tinchlik va hamkorlik ishiga qo‘shayotgan hissasini muhokama qildi.

Ekspertlar O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning xalqaro maydondagi ahamiyati yuzasidan fikr almashdi.

Ikkinchi sho‘bada o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlashning samarali mexanizmlari, totuvlikni asrashda milliy madaniy markazlarning roli, sivilizatsiyalarni yaqinlashtirishda madaniyatlararo muloqotning ahamiyati hamda jamoat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Uchinchi sho‘ba ta’lim va ma’rifatning roliga bag‘ishlandi. Unda ishtirokchilar yoshlarda mafkuraviy immunitetni shakllantirishning ta’limiy asoslari, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashishda ma’rifatning o‘rni, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Anjumanning ochilish qismida YUNЕSKOning O‘zbekistondagi vakili Baxtiyor Namozov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev so‘zga chiqdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish