Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

May 13, 2026. 17:25 • 3 daq

77
Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Toshkentda “TextileExpo Uzbekistan 2026” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi

TOSHKENT, 13-may. /“Dunyo” AA/. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuasida “To‘qimachilik va tikuvchilik sanoati – TextileExpo Uzbekistan 2026” 26-xalqaro ko‘rgazmasi bugun o‘z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

13–15-may kunlari o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro tadbir mamlakat to‘qimachilik industriyasining eksport salohiyatini namoyon etuvchi muhim biznes platformalaridan biri sifatida baholanmoqda.

Ko‘rgazma “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi hamda uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish yechimlari va xalqaro marketing mexanizmlarini joriy etish hisobiga jadal rivojlanmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligi mahsulot sifati, ishlab chiqarish quvvatlari va taʼminot tizimining moslashuvchanligi orqali yana-da mustahkamlanmoqda.

Shu nuqtai nazardan, “TextileExpo Uzbekistan” ko‘rgazmasi yangi bozorlarga chiqish, biznes aloqalarini kengaytirish va eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish uchun samarali maydon vazifasini bajarmoqda.

2004-yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “TextileExpo Uzbekistan” bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlaridan ishlab chiqaruvchilar, xalqaro xaridorlar, chakana savdo vakillari va distribyutorlarni birlashtirgan nufuzli tadbirga aylangan. Ko‘rgazma doirasida yangi kolleksiyalar namoyish etilmoqda, mahsulot yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilmoqda hamda eksport shartnomalari muhokama qilinmoqda.

Bu yilgi ko‘rgazmada Rossiya, Turkiya, Xitoy, O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi davlatlardan 170 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda. Shuningdek, yaqin va uzoq xorijning 15 mamlakatidan 400 dan ziyod xalqaro xaridor qatnashmoqda.

Ko‘rgazmaning asosiy jihatlaridan biri anʼanaviy Bayerlar dasturi bo‘lib, u mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xalqaro xaridorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni taʼminlamoqda. Mazkur format qisqa muddatli muzokaralar o‘tkazish, eksport shartnomalarini imzolash va yangi savdo hamkorliklarini yo‘lga qo‘yish uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

Ekspozitsiya ishlab chiqarish zanjirining barcha bosqichlarini qamrab olgan. Unda kalava ip, matolar, trikotaj mahsulotlari, furnitura va aksessuarlar, tayyor kiyim-kechak, uy tekstili, paypoq mahsulotlari, to‘qimachilik sanoati uchun kimyoviy vositalar va bo‘yoqlar namoyish etilmoqda.

Ko‘rgazmaning yana bir muhim jihati — O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ko‘magida tashkil etilgan “MADE IN UZBEKISTAN” jamoaviy stendidir.

Anʼanaga ko‘ra, Xitoy kompaniyalari ham ko‘rgazmada faol ishtirok etmoqda. Ular tomonidan turli xil matolar, aksessuarlar, uy tekstili hamda tayyor texnologik yechimlar taqdim qilinmoqda.

Bu yil ko‘rgazmada 20 dan ortiq mahalliy kompaniya birinchi marta ishtirok etmoqda. Ular orasida “Fazo Group”, “Kogon Nur Textile”, “Proftextile”, “Premier Textile” va “Nisa Future” kabi korxonalar bor.

“TextileExpo Uzbekistan” milliy to‘qimachilik sanoatini global bozorlarga integratsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda O‘zbekistonning mintaqaviy to‘qimachilik markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish