O‘zbekiston global investitsion hamkorlikni kengaytirmoqda
May 18, 2026. 15:55 • 5 daq
• 140TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining oraliq majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri voqea joydan.
Mazkur platforma bugungi kunda Hukumat hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yirik xalqaro investorlar o‘rtasidagi ochiq va tizimli muloqotni taʼminlayotgan eng muhim institutsional maydonlardan biri sifatida tobora mustahkamlanib bormoqda.
Joriy yilning 18-iyun kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Xorijiy investorlar kengashining IV yalpi majlisi oldidan tashkil etilgan ushbu uchrashuv tomonlarning qarash va pozitsiyalarini muvofiqlashtirish, ilgari surilgan tashabbuslarni bir tizimga solish hamda ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab olish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etdi.
Majlis O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev raisligida o‘tdi. U sessiya davomida investorlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralarning pozitsiyalarini muvofiqlashtirib bordi.
Tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov, Xorijiy investorlar kengashi kotibi Aziz Gafurov hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Andi Aranitasi ishtirok etdi.
Sessiyaga aynan YTTB vakolatxonasi rahbarining moderatorlik qilgani xalqaro moliya institutlarining O‘zbekistondagi islohotlarga bo‘lgan yuqori qiziqishi va ishonchini yana bir bor namoyon etdi.
Muhokamalar markazida tartibga solish, soliq va bojxona tizimi, infratuzilma, raqamlashtirish hamda moliya sektoriga oid jami 116 ta tashabbusni o‘z ichiga olgan keng qamrovli takliflar paketi bo‘ldi. Ushbu tashabbuslar Xorijiy investorlar kengashi tarkibidagi mavzuviy ishchi guruhlar tomonidan olib borilgan tizimli muloqotlar va amaliy muhokamalar natijasida shakllantirilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Soliq va bojxona maʼmurchiligiga bag‘ishlangan muhokamalarda xalqaro kompaniyalar tomonidan qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, “EY” kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik loyihalari hamda elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha bitimlar uchun soliq rejimini qonunchilik darajasida mustahkamlash, shuningdek, qo‘shimcha kapitalga kiritilgan hissalarni soliqqa tortish qoidalarini aniq belgilashni taklif etdi.
Qayta tiklanuvchi energetika sohasida faoliyat yuritayotgan “Masdar” va “China Energy” kompaniyalari esa “yashil” energetika hamda energiyani saqlash tizimlari loyihalari uchun yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha imtiyozlar berish tartibini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi bilan chiqdi. “Deloitte” va “Voltalia” kompaniyalari tomonidan investor faoliyat yuritayotgan har bir hududda alohida doimiy muassasani ro‘yxatdan o‘tkazish talabini bekor qilish, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalarni import qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etish mexanizmlarini joriy etish masalalari ko‘tarildi.
Sessiyaning eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlaridan biri raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt masalalariga bag‘ishlandi. “EY”, “TBC Bank” va “Yandex” kompaniyalari tomonidan bildirilgan qo‘shma tashabbuslar O‘zbekistonda sunʼiy intellekt sohasining huquqiy asoslarini yaratishga qaratilgani bilan eʼtibor qozondi. Jumladan, “Sunʼiy intellekt to‘g‘risida”gi alohida qonunni ishlab chiqish, tartibga soluvchi mexanizmlarini ishga tushirish, sunʼiy intellektni qo‘llashda shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish tizimini kuchaytirish hamda Katta maʼlumotlarni boshqarish bo‘yicha milliy platformani yaratish taklif etildi.
Bundan tashqari, elektron tijorat sohasida aholining raqamli savodxonligini oshirish, kichik biznes vakillari uchun maxsus taʼlim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda onlayn va oflayn savdo faoliyatida yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun QQS ostonasini tabaqalashtirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi. Bu tashabbuslar O‘zbekistonning mintaqadagi ilg‘or raqamli iqtisodiyot markazlaridan biriga aylanishga intilayotganini ko‘rsatmoqda.
Yer munosabatlari va investorlar huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan ham amaliy ahamiyatga ega takliflar bildirildi. Xususan, “Kosta Legal” kompaniyasi hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO tomonidan yer uchastkalarini tayyorlash va sotib olishning yuridik tartiblarini unifikatsiya qilish, yer ombudsmani institutini tashkil etish hamda investitsion nizolarni sudgacha hal qilish uchun maxsus apellyatsiya komissiyalarini tuzish taklif etildi. Taʼkidlanganidek, bunday mexanizmlar investorlarning huquqiy himoyasini yana-da kuchaytirishga xizmat qiladi.
Moliya bozori, korporativ boshqaruv va “ESG” yo‘nalishidagi muhokamalar ham sessiyaning muhim qismiga aylandi. Vision Invest kompaniyasi O‘zbekistonni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va venchur kapitalining mintaqaviy xabiga aylantirish tashabbusini ilgari surdi. “Crowe” va “EY” kompaniyalari esa ommaviy kompaniyalar kuzatuv kengashlari tarkibida minimal gender standartlarini joriy etish hamda masʼuliyatli biznes yuritishning milliy standartlarini amaliyotga tatbiq etish zarurligini qayd etdi.
Islom taraqqiyot banki tomonidan “yashil sukuk” emissiyasi uchun huquqiy asos yaratish hamda islomiy sug‘urta — takaful tizimini joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Mutaxassislar fikricha, ushbu tashabbuslar O‘zbekiston moliya bozorining diversifikatsiyasini taʼminlash va muqobil moliyaviy instrumentlarni kengaytirishda muhim omil bo‘lishi mumkin.
Majlis yakunida Jamshid Xodjayev investorlar tomonidan ilgari surilgan har bir tashabbus mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarni jadallashtirish uchun muhim asos sifatida ko‘rilayotganini alohida taʼkidladi. Bildirilgan takliflar va erishilgan kelishuvlar asosida rasmiy bayonnoma ishlab chiqilishi, unda masʼul vazirlik va idoralar hamda aniq ijro muddatlari belgilanishi maʼlum qilindi.
Qayd etilganidek, aynan ushbu hujjat 2026-yil 18-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan Xorijiy investorlar kengashining IV yalpi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida monitoring olib borishning asosiy mexanizmlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.
Toshkentda bo‘lib o‘tgan ushbu oraliq majlis yana bir bor shuni namoyon etdiki, O‘zbekiston xalqaro investorlar bilan o‘zaro ishonch, ochiqlik va uzoq muddatli sheriklik tamoyillariga asoslangan yangi iqtisodiy muloqot modelini izchil shakllantirib bormoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi








