Aldangan ziyoratchilar: O‘zbekiston diplomatlari Makkadagi murakkab vaziyatni o‘rgandi
Aprel 05, 2026. 14:10 • 3 daq
• 192
MAKKA, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona diplomatlari ayrim jismoniy shaxslar orqali umra ziyoratiga kelib, qiyin ahvolga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining muammolarini joyida o‘rganish hamda ular bilan suhbatlashish maqsadida Makka shahrida joylashgan “Kanari” va “Al-Ayam Elite” mehmonxonalariga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Diplomatlarning maʼlum qilishicha, ayni paytda ushbu mehmonxonalarda jami 170 nafardan ortiq ziyoratchi Vatanga qaytishni kutib turibdi.
Ziyoratchilarning aytishicha, ular 14 kunlik umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Biroq, safarni tashkil etgan shaxslarning yolg‘on maʼlumotlari va xatolari oqibatida ular hozirga qadar Vatanga qayta olmagan.
Suhbat davomida ziyoratchilar o‘zlarining og‘ir ahvoli haqida so‘zlab, guruhning katta qismi keksa yoshdagi insonlardan iborat ekanini taʼkidladi. Ular orasida infarktni boshidan o‘tkazgan, qandli diabet, qon bosimi kabi surunkali kasalliklarga chalingan va doimiy ravishda dori-darmon isteʼmol qiladigan shaxslar borligi ham qayd etildi. Ziyoratchilar Vatanga qaytish masalasida O‘zbekiston hukumatidan amaliy yordam so‘radi.
Vakolatxona vakillari so‘nggi yillarda umra ziyoratini tashkil etish uchun tegishli ruxsatnomaga ega bo‘lmagan ayrim “turistik firmalar” va “jismoniy shaxslar” tomonidan tartibsiz safarlar tashkil etilayotgani haqida fikr bildirgan. Bunday holatlar ko‘plab vatandoshlarning Madina va Jidda shaharlarida ham turli mushkul vaziyatlarga tushib qolishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan berilgan litsenziya asosida 14 ta turistik firma umra ziyoratini rasmiy ravishda tashkil etayotgani, bu haqda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda muntazam axborot berib borilayotgani aytildi. Shunga qaramasdan, ayrim fuqarolar noqonuniy tashkilotchilarning yolg‘on reklamalariga aldanib qolayotgani afsus bilan taʼkidlandi.
Ziyoratchilarga ular ruxsatnomasiz tashkil etilgan safar doirasida kelgan bo‘lsa-da, Vatanga qaytish bo‘yicha murojaatlari Bosh konsulxona tomonidan belgilangan tartibda tegishli idoralarga yetkazilishi maʼlum qilindi. Shu bilan birga, mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish maʼlum vaqt talab qilishi inobatga olinib, vaziyat yana-da og‘irlashib ketmasligi uchun imkoniyatdan kelib chiqqan holda o‘z hisoblaridan aviachipta xarid qilib, O‘zbekistonga qaytish tavsiya etildi.
Shuningdek, ziyoratchilarni qiyin ahvolga solgan shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng tegishli idoralarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirildi.
Hozirgi kunda ushbu holat Bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, vaziyat yuzasidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi