Tomskda O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi
Iyun 21, 2026. 09:55 • 2 daq
• 94
TOMSK, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Tomsk viloyatida joylashgan 3-sonli axloq tuzatish koloniyasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Bugungi kunda mazkur muassasada Rossiya Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan hukm qilingan 70 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi jazo muddatini o‘tamoqda.
Suhbat davomida vatandoshlarning murojaatlari, iltimos va takliflari tinglandi. Har bir fuqaroning huquqbuzarlik xususiyatiga oid ma’lumotlar batafsil qayd etilib, ularni qiziqtirgan savollarga atroflicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
Xususan, mamlakatimiz fuqarolariga xorijiy davlatlar hududidagi harbiy harakatlarda ishtirok etganlik uchun O‘zbekiston qonunchiligida jinoiy javobgarlik belgilangani eslatib o‘tildi. Shuningdek, muassasada ularning huquq va manfaatlari kamsitilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan Bosh konsulxonaga xabar berish zarurligi ta’kidlandi.
Insonparvarlik tamoyillari asosida o‘tgan tashrif davomida bir qator amaliy masalalar joyida hal etildi. Jumladan, astma kasalligidan aziyat chekayotgan bir nafar yurtdoshimizga zudlik bilan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishi ta’minlandi. Amal qilish muddati tugagan hujjatlarini yangilash istagini bildirgan ikki nafar fuqarodan yangi pasport rasmiylashtirish bo‘yicha arizalar qabul qilindi.
Bundan tashqari, shu yilning may oyida mazkur koloniyadan ozodlikka chiqqandan so‘ng yaqinlari bilan aloqasi uzilib, bedarak ketgan o‘zbekistonlik fuqaroning hozirgi turgan joyi aniqlanib, uning oila a’zolariga ma’lum qilindi.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Rossiyaning Sibir federal okrugi hududida bo‘lib turgan, shu jumladan, ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan yurtdoshlarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish borasidagi tizimli ishlarni izchil davom ettirmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi