Kuvaytdagi vatandoshlar tranzit yo‘llar orqali O‘zbekistonga qaytarilmoqda
Mart 10, 2026. 18:44 • 2 daq
• 230AL-KUVAYT, 11-mart. /“Dunyo” AA/. Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan notinch vaziyat sababli O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Kuvaytdagi 42 nafar yurtdoshimiz avtobus orqali Saudiya Arabistoniga o‘tkazilib, so‘ng ushbu davlatdan mamlakatimizga qaytarish chora-tadbirlari amalga oshirildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
16 nafar kattalar va 26 nafar voyaga yetmaganlardan iborat ushbu fuqarolarimiz shu yilning 9-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:50 da Kuvaytdan avtobus orqali yo‘lga chiqib, 10-mart kuni soat 11:40 da Ar-Riyozdagi Podshoh Xolid nomidagi xalqaro aeroportga yetib kelgan.
Elchixona diplomatlari yurtdoshlarimizga yengillik yaratish hamda ularning Kuvayt va Saudiya Arabistoni hududida erkin harakatlanishidagi ehtimoliy qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida, mazkur davlatlarning vakolatli organlariga tegishli notalar chiqargan.
Shu bilan birga, 12 soatga yaqin bo‘lgan ushbu safar davomida fuqarolarga Kuvayt hamda Saudiya Arabistoni davlat chegaralaridan o‘tish jarayonlarida ko‘maklashish, ularga Ar-Riyoz aeroportida zarur tashkiliy-amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Elchixonaning ikki nafar diplomati hamrohlik qildi. Fuqarolarning vatanga qaytishini taʼminlash maqsadida O‘zbekiston Migratsiya agentligi tomonidan tegishli aviachiptalar xarid qilindi.
10-mart kuni Ar-Riyoz shahridagi Qirol Xolid xalqaro aeroportida Elchixona diplomatlari tomonidan 42 nafar fuqaroga Jidda shahriga uchish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonlarida zarur konsullik-huquqiy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatildi. Xususan, 9 nafar fuqaro SV1081 reysi hamda 33 nafar fuqaro SV1035 reysi bilan Jiddaga muvaffaqiyatli kuzatildi.
Shuningdek, ushbu 42 nafar vatandoshimiz Jidda shahridan O‘zbekistonga qaytish aviabiletlari bilan taʼminlandi. Ular joriy yilning 11-mart kuni Jidda – Toshkent aviareysi orqali Vatanimizga qaytadi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, mintaqadagi beqaror vaziyat tufayli oila boshliqlari farzandlarining xavfsizligidan xavotirlanib, faqat oila aʼzolarini O‘zbekistonga yuborishga qaror qilgan. Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan mehnat faoliyatini to‘xtatishga ruxsat berilmagani hamda bunday talab bilan murojaat qilish kelgusida fuqarolarimizning kasbiy faoliyati va huquqiy maqomiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlandi. Shu sababli, ayni bosqichda faqat aksariyat ayollar va bolalardan iborat fuqarolar guruhining Vatanga qaytishi tashkil etilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi

