Olmaotadagi festivalda o‘zbek madaniyati va an’analari namoyish qilindi
Sentabr 15, 2026. 09:00 • 2 daq
• 98OLMAOTA, 15-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Olmaotadagi “Bilim-Innovatsiya” litseyida Qozog‘iston xalqlari tillari kuniga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy festival bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida litsey o‘qituvchilari, o‘quvchilari va ota-onalari ishtirokida tashkil etildi.
Ushbu festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad turli xalqlar tili, madaniyati va milliy qadriyatlarini targ‘ib qilish, millatlararo totuvlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv doirasida o‘quvchilar o‘zbek madaniyati va an’analariga bag‘ishlangan maxsus dasturni taqdim etdi. Mehmonlar O‘zbekiston tarixi, madaniyati, qadriyatlari va diqqatga sazovor joylari haqidagi videoroliklarni ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi.
Dasturning alohida qismi o‘zbek milliy taomlariga bag‘ishlandi. Mehmonlarga somsa, tandir non, milliy shirinliklar, palov va boshqa taomlar tortiq qilindi. Ishtirokchilarga milliy taomlarning tayyorlanish jarayoni va o‘zbek gastronomik an’analari haqida ma’lumot berildi.
O‘quvchilar tomonidan maxsus tayyorlangan, O‘zbekiston ramzlari, uning tarixiy joylari va diqqatga sazovor joylari tasvirlangan shirinlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Festival yakunida mehmonlar milliy taomlardan tatib ko‘rish va O‘zbekistonning boy gastronomik merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



