Iordaniyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi
Noyabr 23, 2026. 09:00 • 2 daq
• 50
AMMAN, 23-noyabr. /“Dunyo” AA/. Iordaniya poytaxtida ushbu davlatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hamda “Al-Buxoriy” uyushmasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Bekzod Shukurov, Imom al-Buxoriy islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov, Barqaror rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Prezidentining arab tiliga tarjima qilingan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobi hamda boshqa asarlarining taqdimotlari o‘tkazildi.
Xorijdagi yurtdoshlarning Vatan bilan aloqalarini mustahkamlash, ularning milliy o‘zligi, ona tili, urf-odatlari va madaniy-ma’naviy merosini asrab-avaylash, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari xususida fikr almashildi.
“Al-Buxoriy” o‘zbeklar uyushmasi bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, vatandoshlarni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan xalqaro forumlar, madaniy-ma’rifiy anjumanlar va boshqa tadbirlarga jalb etish, yoshlarni yurtimizning boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari hamda bugungi taraqqiyoti bilan yaqindan tanishtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Iordaniyada yashayotgan vatandoshlarning farzandlari uchun o‘zbek tili kurslarini tashkil etish, ularning O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirish, qo‘shma madaniy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
“Al-Buxoriy” uyushmasi rahbari Saad al-Buxoriy Vatan bilan aloqalarni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, O‘zbekistonning boy tarixiy, madaniy va ma’naviy merosini Iordaniyada keng targ‘ib etishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan vatandoshlarga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev asarlarining arab tiliga tarjima qilingan nashrlari, o‘zbek milliy liboslari, do‘ppilar va boshqa milliy kiyimlar namunalari esdalik sovg‘alari sifatida topshirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi