BAAdagi o‘zbekistonlik tadbirkor Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi texnikumlarga zamonaviy uskunalar sovg‘a qildi
Iyul 05, 2026. 10:00 • 2 daq
• 182
DUBAY, 5-iyul. /“Dunyo” AA/. BAAda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor Ulug‘bekxon Maksumov tomonidan yurtimizdagi bir qator texnikumlarga zamonaviy o‘quv-amaliy jihozlari homiylik asosida taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tashabbus Dubay shahridagi Bosh konsulxona ko‘magida amalga oshirilib, dastlab O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik holati va ehtiyojlari o‘rganildi.
Shu asosda “INKAS” kompaniyasi tomonidan jami 20 dona kompyuter, 10 dona printer, 5 dona tikuv mashinasi hamda 5 dona nuqtali payvandlash apparati homiylik tariqasida ajratildi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 1- va 2-son texnikumlarga har biri uchun 10 tadan kompyuter va 5 tadan printer, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-son texnikumiga esa 5 dona tikuv mashinasi hamda 5 dona nuqtali payvandlash apparati taqdim etildi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, bu kabi tashabbuslar texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilarning amaliy kasbiy tayyorgarligini oshirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi