Logo

Rossiyada murakkab vaziyatga tushgan oila O‘zbekistonga qaytarildi

Aprel 01, 2026. 16:46 • 2 daq

65
Rossiyada murakkab vaziyatga tushgan oila O‘zbekistonga qaytarildi

SANKT-PETERBURG, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Sankt-Peterburg shahrida yashab kelayotgan O‘zbekiston fuqarosi R.Z. va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandining murakkab vaziyati ijobiy hal etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Aniqlanishicha, hamyurtimiz R.Z. 2020-yilda ishlash uchun Sankt-Peterburgga kelgan. 2020–2025-yillar oralig‘ida u uch bor farzandli bo‘lgan. Biroq, murakkab hayotiy vaziyat tufayli bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagan. Shu sababli, bolalarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmagan. Bu esa, o‘z navbatida, ularni vaqtincha davlat idoralari qarmog‘iga olish va voyaga yetmaganlar uchun ixtisoslashtirilgan muassasaga yuborishga sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi tomonidan olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida diplomatlar vaziyatga zudlik bilan aniqlik kiritib, hamyurtlarimizning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Vatandoshlarimiz ishi Sankt-Peterburgning Vasileostrovskiy tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sud jarayonida Bosh konsulxona xodimlari tomonidan bolalarning shaxsini va qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilib, tegishli idoralar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Sudda yurtdoshimiz manfaatlari himoya qilinib, bolalarni oila muhitiga qaytarish zarurligi asoslab berildi.

Sudda ijobiy qaror qabul qilganidan so‘ng, ona va uning farzandlari O‘zbekistonga qaytarildi. Ushbu holat xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda diplomatik vakolatxonalarning o‘rni beqiyos ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Shu bilan birga, vatandoshlarga o‘z vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirish, xususan, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish masalalariga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish