TЕZKOR: 2026-yil 1-apreldan boshlab Hindistonga uchib kelayotgan chet el fuqarolari elektron immigratsiya kartasini rasmiylashtirishi talab etiladi
Mart 31, 2026. 16:32 • 2 daq
• 130
DЕHLI, 31 mart. /«Dunyo» AA/. 2026-yil 1-apreldan boshlab Hindiston chet el fuqarolari, jumladan, O‘zbekistondan kelayotgan yo‘lovchilar uchun joriy etilgan qog‘oz shaklidagi kirish immigratsiya kartalaridan voz kechmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Endilikda samolyot bortida yoki aeroportda kerakli qog‘oz hujjatni to‘ldirish o‘rniga elektron kirish kartasini (e-Arrival Card) oldindan rasmiylashtirish talab etilmoqda.
Yangi qoidalarga ko‘ra, elektron kartani Hindistonga kelishdan oldin 72 soat ichida to‘ldirish zarur. Buni Hindiston viza xizmatining rasmiy veb-sayti (https://indianvisaonline.gov.in/earrival) yoki «Su-Swagatam» mobil ilovasi orqali onlayn tarzda amalga oshirish mumkin.
Bugun qog‘oz shaklidagi immigratsiya kartalarini qabul qilishning oxirgi sanasidir.
Mazkur yangilikning dolzarbligi Hindiston va xorijiy mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlarning jadal o‘sishi bilan izohlanmoqda. Masalan, bugungi kunda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga 20 ga yaqin yo‘lovchi reys amalga oshirilmoqda. «Uzbekistan Airways» va «Centrum Air» aviakompaniyalari Toshkentni Hindistonning Dehli, Mumbay va Goa kabi yirik shaharlari bilan bog‘lamoqda.
Yozgi parvozlar jadvali doirasida parvozlar geografiyasi va soni yanada kengayishi kutilmoqda. Jumladan, «Uzbekistan Airways» Namangan va Dehli o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda va bu Farg‘ona vodiysi aholisi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
«Centrum Air» aviakompaniyasi ikki davlat poytaxtlari o‘rtasidagi parvozlarni haftasiga uch martagacha oshirishni maqsad qilgan, «Qanot Sharq» tashuvchisi esa Toshkent – Dehli – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni boshlaydi.
Parvozlar dasturining kengayishi va yo‘lovchilar oqimining o‘sishini inobatga olgan holda, sayyohlar va aviayo‘lovchilarga e-Arrival Card elektron kartasini oldindan rasmiylashtirish qat’iy tavsiya etiladi.
O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi Hindistonga uchib kelayotgan vatandoshlarimizga oldindan tayyorlangan raqamli migratsiya hujjatining mavjudligi rasmiyatchiliklarni kamaytirish va Hindiston aeroportlarida pasport nazoratidan o‘tishda kechikishlarning oldini olish imkonini berishini eslatib o‘tadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi