Latviyada ilk bor “UzHack” xalqaro xakatoni o‘tkazildi
Mart 31, 2026. 18:45 • 2 daq
• 108
RIGA, 31-mart. /“Dunyo” AA/. 27–29-mart kunlari Latviyada ilk bor “UzHack” xalqaro texnologik xakatoni bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir “Vatandoshlar” jamoat fondi va O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi hamkorligida, mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida o‘tkazildi.
Loyihaning asosiy maqsadi Boltiqbo‘yi davlatlarida tahsil olayotgan va ishlayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni birlashtirish, ularning innovatsion va texnologik salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda xalqaro AKT hamjamiyati bilan aloqalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Xakaton davomida ishtirokchilar innovatsion g‘oyalar va texnologik yechimlar ishlab chiqdi, startap tashabbuslarini ilgari surdi. Shuningdek, turli mamlakatlarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar o‘rtasida kasbiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tadbirda 70 nafardan ortiq ishtirokchi 20 ta jamoaga bo‘lingan holda qatnashdi. Ular 48 soat davomida O‘zbekiston Markaziy banki, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “UZINFOCOM” MCHJ hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan taqdim etilgan dolzarb keyslar ustida ishladi. Bu keyslar real muammolar asosida tayyorlangani sababli ishtirokchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qildi.
48 soatlik intensiv ish jarayoni yakuniga ko‘ra, hakamlar hayʼati qarori bilan 1-o‘rin “Osmondagi bolalar”, 2-o‘rin “UzVision”, 3-o‘rin “Onetour”, 4-o‘rin “One Click” jamoasiga nasib etdi.
“UzHack” xalqaro xakatoni yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni global innovatsion muhitga integratsiya qilish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda O‘zbekistonning intellektual salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur loyihani kelgusida anʼanaviy tarzda davom ettirish rejalashtirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi