AQSHda o‘zbek diasporasini jipslashtiruvchi yangi tuzilmalar tashkil etildi
Iyun 23, 2026. 08:10 • 2 daq
• 160NYU-YORK, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. AQSHdagi o‘zbek diasporasini jipslashtirish, vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar doirasida ikkita – “Vatan New York” va “Vatan New Jersey” yangi mintaqaviy tuzilma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Yangi tuzilmalar AQSHdagi o‘zbek diasporasi jamoalari, tadbirkorlar, jamoat faollari va yoshlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda yagona yondashuvlarni shakllantirish maqsadida avval tashkil etilgan “Vatan Global Alliance” birlashmasining Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlaridagi ilk vakolatxonalari bo‘ldi.
Yangi mintaqaviy tuzilmalarni tashkil etish to‘g‘risidagi qaror birlashma faollarining O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi diplomatlari bilan uchrashuvi chog‘ida qabul qilindi. Ta’kidlanishicha, yangi tuzilmalar faoliyati o‘zbek jamoasi qamrovini kengaytirish, tadbirkorlar, yoshlar va jamoat faollarini ijtimoiy tashabbuslarga jalb etish, madaniy-ma’rifiy, ta’lim va xayriya loyihalarini amalga oshirish, Vatan bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratiladi.
Yangi tuzilmalarga muvaffaqiyatli tadbirkor va o‘zbek jamoasi faoli Baxtiyor Qodirov rahbar etib saylandi. Kelajakda tashkilotlar faollarini shakllantirish va Nyu-York hamda Nyu-Jersidagi vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator tashabbuslarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari o‘zbek jamoasining yanada jipslashishi diaspora bilan ishlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, vatandoshlarning ijtimoiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish va o‘zbek jamoasining Amerika jamiyatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.
“Vatan New York” va “Vatan New Jersey” tuzilmalarining tashkil etilishi O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasidagi muhim qadam sifatida baholandi. Yangi platformalar milliy an’analarni asrab-avaylash, tarixiy Vatan bilan aloqalarni mustahkamlash va o‘zbek jamoasini yanada jipslashtirishga qaratilgan madaniy, ijtimoiy va ma’rifiy tadbirlarni vatandoshlar ishtirokida tashkil etishda faol qatnashishi kutilmoqda.
Kelgusida “Vatan Global Alliance” tarmog‘ini AQSHning o‘zbekistonliklar ko‘p istiqomat qiladigan boshqa hududlarida ham kengaytirish rejalashtirilgan. Bunday sa’y-harakatlar butun mamlakat bo‘ylab tadbirkorlar, jamoat faollari va yoshlar salohiyatini birlashtirishi, Qo‘shma Shtatlardagi o‘zbek diasporasi harakatining rivojlanishiga turtki beradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


