Novosibirskdagi jazoni ijro etish muassasasida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

Iyun 17, 2026. 10:00 • 2 daq

95
Novosibirskdagi jazoni ijro etish muassasasida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi

NOVOSIBIRSK, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Rossiya Federal jazoni ijro etish xizmatining 2-sonli axloq tuzatish koloniyasiga bordi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan Sibir federal okrugi hududidagi ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan fuqarolarimizga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Vatandoshlar bilan alohida o‘tkazilgan suhbatlar chog‘ida ularning iltimos va istaklari tinglandi. Novosibirsk viloyati hududida sodir etilgan huquqbuzarliklarning xususiyatiga oid ma’lumotlar o‘rganilib, hamyurtlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Novosibirskdagi ushbu axloq tuzatish muassasasida Rossiya Jinoyat kodeksining turli moddalari bo‘yicha sudlangan 14 nafar O‘zbekiston fuqarosi saqlanmoqda.

Yurtdoshlarimizdan biri — buyrak kasalligi bilan og‘riyotgan hamyurtga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish masalasi joyida hal etildi. Shuningdek, muassasa rahbariyati bilan musulmonchilik qoidalariga mos ovqatlanishni tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Bosh konsulning vatandoshlarimiz saqlanayotgan ozodlikdan mahrum etish joylariga navbatdagi tashrifi Tomsk viloyatidagi 2-sonli axloq tuzatish muassasasiga rejalashtirilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish