AQSHda o‘zbek oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun psixologik platforma yaratildi

Avgust 05, 2026. 18:30 • 2 daq

238
AQSHda o‘zbek oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun psixologik platforma yaratildi

NYU-YOK, 5-avgust. /“Dunyo” AA/. AQSHda xorijda istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “Moslashuv markazi USA” nomli yangi axborot-psixologik platforma yaratildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Loyiha tashabbuskori Ogayo shtatida yashovchi vatandoshimiz, psixologiya fanlari doktori, dotsent va amaliyotchi psixolog Abdurashid Turg‘unovdir.

Platformaning asosiy maqsadi – oilalarning AQSHdagi hayotga yaxshiroq moslashishiga ko‘maklashish, er-xotin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi oilaviy qadriyat va yaqin munosabatlarni saqlab qolish, maishiy va oilaviy nizolarning o‘z vaqtida oldini olishdan iborat.

Loyiha muallifining so‘zlariga ko‘ra, oilalardagi aksariyat qiyinchiliklar mehr-muhabbat yoki o‘zaro hurmat yo‘qligidan emas, balki zarur ko‘nikmalar yetishmasligidan kelib chiqadi. Odamlar yuzaga kelayotgan masalalarni har doim ham xotirjam muhokama qilavermaydi, o‘z his-tuyg‘ularini to‘g‘ri ifodalay olmaydi, bir-birini tinglamaydi va murakkab hayotiy vaziyatlarda oqilona yechim topa olmaydi.

Platformada er-xotin o‘rtasidagi samarali muloqot, hissiyotlarni boshqarish, farzand tarbiyasi, oilaviy mojarolarni hal etish, migratsiyaning oilaviy munosabatlarga taʼsiri, AQSHning oilaviy munosabatlar sohasidagi qonunchiligiga rioya qilish masalalariga bag‘ishlangan materiallar muntazam eʼlon qilib boriladi.

Vatandoshlarning yangi mamlakat hayotiga tezroq moslashishiga, oilada sog‘lom muhitni saqlashga va zarur yordam uchun o‘z vaqtida murojaat qilishiga yordam beradigan amaliy tavsiyalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Boshqa mamlakatga ko‘chish ko‘pincha jiddiy psixologik bosim bilan kechadi. Yangi til muhiti, odatiy turmush tarzining o‘zgarishi, moliyaviy masalalar va doimiy muloqot doirasining yo‘qligi oiladagi o‘zaro munosabatlarga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Shu bois, bu kabi tashabbuslar AQSHdagi o‘zbek diasporasi uchun muhim ahamiyatga ega hisoblanadi.

Platformaning faoliyati O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi tomonidan vatandoshlarning moslashuviga ko‘maklashish, oila institutini mustahkamlash va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlarga hamohangdir.

Ushbu yo‘nalishlarda AQSHda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida axborot-maʼrifiy ishlarni kengaytirish maqsadida loyiha muallifi Abdurashid Turg‘unov bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish