“Interfaks” AA: O‘zbekistonda kichik biznes subyektlarini tekshirishga uch yillik moratoriy joriy etiladi
Avgust 22, 2026. 17:00 • 2 daq
• 35
MOSKVA, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning yetakchi “Interfaks” axborot agentligida O‘zbekiston kichik biznes sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Prezidenti tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda 2029-yilga qadar kichik biznes subyektlari faoliyatini tekshirishga uch yillik moratoriy e’lon qildi.
Davlat rahbari tadbirkorlarni bosim o‘tkazish orqali emas, balki o‘qitish va o‘rgatish orqali qo‘llab-quvvatlash muhimligini alohida ta’kidlagan. Xabarda keltirilishicha, 5 mingga yaqin tadbirkorning yarmidan ko‘pi yiliga 2–3 marta, 21 foizi esa 4 martadan ortiq soliq tekshiruvlariga duch kelgan.
Bundan tashqari, o‘rta va yirik korxonalar uchun ixtiyoriy profilaktik audit tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan taqdirda, jarimalar undirilmaydi, takroriy tekshiruvlar o‘tkazish uchun esa Biznes-ombudsman roziligi talab etiladi.
Maqolada qayd etilishicha, ma’muriy bosimni kamaytirish mamlakat rahbariyati uchun ustuvor vazifadir. So‘nggi yillarda mamlakatda soliq yuki 12 foizgacha qisqartirildi, yashirin iqtisodiyot ulushi esa sezilarli darajada kamaydi.
O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi