“UN Journal”: Yangi O‘zbekistonning ochiqlik va pragmatizm siyosati Markaziy Osiyoda yangi davrni boshlamoqda
Avgust 22, 2026. 16:30 • 2 daq
• 40
SEUL, 22-avgust. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning “UN Journal” nashrida mustaqillik yillarida O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, 1991-yildan so‘ng Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan murakkab chegara masalalari, xususan, Farg‘ona vodiysidagi ziddiyatli vaziyat ko‘plab kishilar oilasiga achchiq taqdirlarni olib kirgan. Chegaralar shunchaki geografik chiziq emas, balki insonlar hayoti va taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omil sifatida qaralgan.
Maqolada so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi bosh ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangani, chegaralardagi nazorat-o‘tkazish maskanlarida qoida va talablar soddalashtirilgani, transport va savdo qatnovi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida e’tirof etilgan.
2025-yil mart oyida Xo‘jand shahrida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov tomonidan uch davlat chegaralari tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnomaning imzolanishi mintaqaviy diplomatiyada mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.
Muallif mintaqadagi pragmatik siyosat va o‘zaro ishonchning amaliy natijalarini aniq raqamlar bilan asoslab bergan. Xususan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro savdo aylanmasi 2016-yilda 2,5 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 8 milliard dollardan oshgan.
Materialda ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va pragmatizm tamoyillariga asoslangan tashqi siyosat Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va umumiy taraqqiyotga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi