Eldor Aripov: Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish tomonlarning uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qiladi
Oktabr 30, 2026. 14:00 • 4 daq
• 147BRYUSSЕL, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 27–28-oktabr kunlari Belgiya va YEI poytaxtida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: o‘zgarayotgan dunyoda hamkorlik transformatsiyasi” mavzusida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi tahlil markazlarining birinchi forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir Yevropa tashqi aloqalar xizmatining bosh qarorgohida Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqining yetakchi tahlil markazlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazildi.
Forum O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI), Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili ofisi hamda Yevropa Ittifoqining Xavfsizlik tadqiqotlari instituti (EUISS) tomonidan tashkil etildi.
Forum Samarqandda o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammitining amaliy davomi hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki mintaqa yetakchi tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi.
Muhokamalarda mintaqalararo hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari, xalqaro xavfsizlik, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, transport bog‘liqligini rivojlantirish, Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Forumda so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov ikki mintaqa tahlil markazlarining ilk uchrashuvi Yevropa tashqi aloqalar xizmati bosh qarorgohida o‘tkazilayotgani ramziy ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bu Markaziy Osiyoning Yevropa kun tartibidagi ahamiyati ortib borayotganini hamda tomonlarning yanada chuqur va mazmunli hamkorlikka intilishini aks ettiradi.
SMTI direktori Markaziy Osiyo iqtisodiy va geosiyosiy ahamiyatga ega mustaqil markaz sifatida shakllanayotganini ta’kidladi. Mintaqada yillik iqtisodiy o‘sish 6 foizdan yuqori bo‘lib, 2050-yilga borib uning aholisi 100 million kishidan oshishi mumkin.
Ayni paytda Markaziy Osiyoning transport tuguni va o‘ta muhim resurslar manbai sifatidagi roli kuchaymoqda. Mintaqa ichidagi hamkorlikning chuqurlashuvi, savdo va infratuzilmaning rivojlanishi yagona iqtisodiy makonning bosqichma-bosqich shakllanishi uchun asos yaratmoqda.
Shu sharoitda Markaziy Osiyoning Yevropa bilan aloqalari ahamiyati ham tabiiy ravishda ortib bormoqda. 2025-yil aprel oyida Samarqandda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan birinchi “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti o‘zaro munosabatlar rivojida muhim bosqich bo‘ldi. Uning yakunlari bo‘yicha mintaqalar o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Sammitda so‘zga chiqqan O‘zbekiston rahbari munosabatlarning yangi formatini aniq qarorlar, loyiha va dasturlar bilan boyitish zarurligini ta’kidladi. Prezident ilgari surgan tashabbuslar qatorida yirik mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma investitsiya platformasini yaratish, investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim tuzish va qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish, tashqi siyosat idoralari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini o‘tkazish, Parlamentlararo hamkorlik forumini ta’sis etish hamda yetakchi tahlil markazlari hamkorligini kengaytirish bor.
Ushbu takliflarni rivojlantirib, Eldor Aripov sheriklikni yanada mustahkamlash har ikki tomonning uzoq muddatli manfaatlarini hisobga olishni talab etishini qayd etdi.
Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik Markaziy Osiyoning boshqa sheriklar bilan aloqalarini to‘ldirishi, mintaqaning investitsiya va texnologiyalarni jalb etish, yangi bozorlarga chiqish hamda transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini kengaytirishi lozim.
“Biz uchun Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik – boshqa sheriklar bilan hamkorlik qilish erkinligini saqlagan holda iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, bozorlarni diversifikatsiya qilish va yangi texnologiyalarni jalb etish imkoniyatidir”, – deya ta’kidladi Eldor Aripov.
U hamkorlik tomonlarga rivojlanish sur’atlari va qarorlar qabul qilish erkinligini saqlagan holda tashqi muammolarni yengib o‘tishda yordam berishi kerakligini qayd etdi. Buning uchun faqat joriy geosiyosiy vaziyatga bog‘liq bo‘lmagan uzoq muddatli majburiyatlar va barqaror hamkorlik mexanizmlari zarur.
Sheriklikni amaliy mazmun bilan boyitish haqida so‘z yuritar ekan, SMTI direktori bir nechta istiqbolli yo‘nalishga e’tibor qaratdi. Ular orasida o‘ta muhim minerallar sohasida qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishni nazarda tutuvchi qo‘shma ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish, suv va iqlim bilan bog‘liq xatarlarga chidamlilikni mustahkamlash, transport aloqalari, jumladan, Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi doirasidagi tashuvlar samaradorligini oshirish bor.
Inson kapitali, kasbiy ta’lim va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda qonuniy mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Xavfsizlik choralarini iqtisodiy rivojlanish va ta’lim tashabbuslari bilan uyg‘unlashtirish orqali Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga ko‘maklashish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.
So‘zining yakunida Eldor Aripov bugungi asosiy vazifa erishilgan kelishuvlar va belgilangan siyosiy yo‘nalishlarni amalda ro‘yobga chiqarishdan iborat ekanini ta’kidladi.
“Bugun belgilangan siyosiy yo‘nalishlarni aniq loyihalar va amaliy natijalarga aylantirish muhim. Sherikligimiz samaradorligi aynan shu mezon asosida baholanishi lozim”, – dedi SMTI direktori.
U ushbu jarayonda ekspertlar hamjamiyatining alohida o‘rnini qayd etib, tahlil markazlarini Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqishga ko‘maklashishga chaqirdi. Forum ishtirokchilari ekspertlar muloqotini davom ettirish va ushbu platformani muntazam hamkorlik formati sifatida rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


