O‘zbekiston farmatsevtika sohasi Xitoydagi nufuzli xalqaro ko‘rgazmada namoyish etildi
Iyun 21, 2026. 10:25 • 2 daq
• 66SHANXAY, 21-iyun. /“Dunyo” AA/. Shanxayda o‘tkazilgan “PMEC China 2026” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekiston farmatsevtika sanoatining investitsiyaviy salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Farmatsevtika uskunalari va texnologiyalari sohasida Osiyodagi eng yirik ixtisoslashtirilgan maydonlardan biri hisoblangan ushbu tadbirda 120 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod kompaniya va tashkilot vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi vakili mamlakatimizda sohani modernizatsiya qilish, qonunchilikni erkinlashtirish va global ishlab chiqarish hamda sotuv zanjirlariga integratsiyalashuvga qaratilgan islohotlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Ichki bozorning yuqori o‘sish sur’atlari, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish, xalqaro GMP standartlarini joriy etish, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari, investorlar uchun imtiyozlar va istiqbolli sarmoyaviy loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ko‘rgazma doirasida Xitoyning “Gusu Purifying Technology Co.” kompaniyasi rahbari Chjan Xonvey bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar farmatsevtika, sog‘liqni saqlash va GMP sertifikatiga ega toza xonalar uchun muhandislik yechimlari sohalarida hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida Xitoy tomoni investitsiyaviy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga delegatsiya yuborishga tayyorligini bildirdi.
“Gusu Purifying Technology Co.” – farmatsevtika va yuqori texnologiyalar sanoati korxonalari uchun “toza xonalar” hamda filtrlash tizimlari bo‘yicha kompleks muhandislik yechimlarini taqdim etuvchi Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

