Istanbulning Beshiktosh tumanidagi uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

Iyun 20, 2026. 16:55 • 2 daq

87
Istanbulning Beshiktosh tumanidagi uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi

ISTANBUL, 20-iyun /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona diplomatlari Beshiktosh tumani Aholi va fuqarolik holati ishlari bo‘limi mudirasi Ulker Aygun bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida O‘zbekiston fuqarolarining Turkiya hududida yashashi, ularni aholini ro‘yxatga olish bilan bog‘liq jarayonlar, fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirish sohasidagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv chog‘ida ikki tomon o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash, vatandoshlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor va samarali hal etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tug‘ilganlik, nikoh tuzish, nikohdan ajralish hamda boshqa fuqarolik holati dalolatnomalariga oid ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish, idoralararo hamkorlik mexanizmlarini yanada rivojlantirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.

Muzokaralar davomida fuqarolar murojaatlarini amaldagi qonunchilik talablari asosida tezkor ko‘rib chiqish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlashda o‘zaro hamkorlikning samarali vositalaridan keng foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar aholi va fuqarolik holati sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, axborot almashinuvini yanada faollashtirish hamda O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma sa’y-harakatlarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish