Xitoyning Szyasin shahrida o‘zbekistonlik talabalar uchun ta’lim dasturlari tashkil etiladi
Oktabr 27, 2026. 09:00 • 2 daq
• 219SZYASIN, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Shanxaydagi konsulxonasi diplomatlari Xitoyning Chjetszyan provinsiyasiga safari davomida Szyasin Nanyan politexnika instituti (SNPI) prorektori Livey Fen bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida akademik almashinuv, Xitoy tomonining moddiy ko‘magida o‘zbekistonlik talabalar uchun ikki va uch yillik ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, talaba va o‘qituvchilar uchun qisqa muddatli kurslarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
O‘quv jarayonlarini muhandislik, hamshiralik ishi, transport, to‘qimachilik sanoati, elektromobillarni ta’mirlash, yangi energetika va sun’iy intellekt kabi talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha tashkil etish rejalashtirildi.
SNPI 2002-yilda Shanxay Szyao Tun universiteti ko‘magida tashkil etilgan xususiy professional oliy ta’lim muassasasi sanaladi. Institutda 12 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ta’lim dasturlari 7 ta ixtisoslashtirilgan maktabga birlashtirilgan 30 dan ortiq mutaxassislikni qamrab oladi.
Tomonlar amaliy tayyorgarlik masalasiga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekistonlik talabalar ta’lim dasturlari va qisqa muddatli kurslar doirasida Szyasin shahridagi yetakchi ishlab chiqarish korxonalari, tibbiyot muassasalari, metropoliten va temir yo‘l vokzallarida kasbiy tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Xitoylik mutaxassislar O‘zbekiston texnikumlari bilan hamkorlikning amaliy mexanizmlarini muhokama qilish va kelishuvlar imzolash maqsadida joriy yilning noyabr oyida Livey Fen boshchiligidagi delegatsiyani O‘zbekistonga yuborishga tayyorligini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


