Toshkent va Minsk viloyatlari o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kengaytiriladi
Oktabr 27, 2026. 10:30 • 2 daq
• 187MINSK, 27-oktabr. /“Dunyo” AA/. Belarusda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev boshchiligidagi delegatsiya Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksey Kushnarenko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish va yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda farmatsevtika sohasida savdoni yo‘lga qo‘yish, Toshkent viloyatida mebelsozlik va yog‘och uylar qurilishiga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, yog‘ochni qayta ishlash tarmog‘ida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida kartoshka va qand lavlagi yetishtirish bo‘yicha Belarus tajribasini tatbiq etish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi. Tomonlar barcha tashabbuslarni o‘z ichiga oluvchi qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlashga kelishib oldi.
Safar dasturi doirasida delegatsiya a’zolari ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan ham uchrashib, ularning faoliyati va yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shu bilan birga, toshkentlik tadbirkorlar tomonidan Belarusda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari ko‘zdan kechirildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish maqsadida Toshkent viloyatida “MAZ” brendi ostidagi yuk texnikalariga xizmat ko‘rsatish markazi va ehtiyot qismlar omborini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



