Surxondaryo va Afg‘onistonning Balx viloyati sanoat, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirmoqda
Oktabr 26, 2026. 15:00 • 2 daq
• 162MOZORI SHARIF, 26-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mozori-Sharif shahrida O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati va Afg‘onistonning Balx viloyati tadbirkorlari ishtirokida B2B formatidagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda o‘zbek tomoni ikki mamlakat hududlari, jumladan, Surxondaryo viloyati va Balx viloyati o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik istiqbollari haqida so‘zlab berdi. O‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, parrandachilik, to‘qimachilik va yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishda salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Balx viloyati Savdo-investitsiya palatasi sekretariati rahbari Asadulloh Asadiy mintaqaning iqtisodiy imkoniyatlari va xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumot taqdim etdi. U Surxondaryolik tadbirkorlarni qishloq xo‘jaligi, sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati va parrandachilik sohalariga sarmoya kiritishga taklif qildi.
Shuningdek, afg‘on tomoni O‘zbekistonning Andijon viloyati investorlari ishtirokida Balxda parrandachilik fabrikasini qurish loyihasi amalga oshirila boshlanganini qayd etdi.
Balx viloyati Sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Mavlaviy Ahmadxon Xodim O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi yil sayin o‘sib borayotganini ta’kidladi. Uning baholashicha, yaqin yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash miqdori 5 milliard dollarga yetishi mumkin.
Ahmadxon Xodim, shuningdek, Surxondaryo viloyati va Balx viloyati o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik mexanizmini ijobiy baholab, o‘zbekistonlik tadbirkorlar va investorlarga zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
B2B formatdagi muzokaralar yakunida tomonlar turli yo‘nalishlar bo‘yicha bir qator kelishuvlarni imzoladilar. Delegatsiya a’zolari, shuningdek, Balx viloyatidagi sanoat korxonalariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishdilar.
Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Balx viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sayed Ahmad Shadob bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Termiz shahridagi Xalqaro savdo markazi hududida joylashgan “AKFA Medline Ayritom” ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga yaqin kunlarda afg‘on shifokorlari guruhining tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Rejalashtirilgan tashrif davomida tomonlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash nazarda tutilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





