AQSHning Sitak shahri meri O‘zbekiston hududlari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga ko‘maklashadi

Iyul 01, 2026. 10:30 • 2 daq

104
AQSHning Sitak shahri meri O‘zbekiston hududlari bilan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga ko‘maklashadi

SIETL, 1-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Sietl shahridagi bosh konsuli Axror Burxanov Vashington shtati Sitak shahri meri Mohamed Egal bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Sitak shahri Sietl xalqaro aeroporti joylashgan strategik ahamiyatga ega hudud bo‘lib, metropolitenning muhim transport-logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Shaharda xalqaro biznes, logistika, turizm va xizmatlar sohalari rivojlangan bo‘lib, u ko‘p millatli aholi istiqomat qiladigan hudud sifatida ham ajralib turadi.

Shahar meri Mohamed Egal O‘zbekistonda Prezident rahbarligida olib borilayotgan islohotlarni doimiy ravishda kuzatib borayotganini taʼkidladi. U qisqa tarixiy davr ichida erishilgan natijalar katta taassurot uyg‘otganini va ulardan ilhomlanayotganini qayd etdi.

Somali diasporasi vakili bo‘lgan Mohamed Egal O‘zbekistonning taraqqiyot modeli bugungi kunda nafaqat Markaziy Osiyo, balki Afrika davlatlari uchun ham muvaffaqiyatli namuna bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi.

Uning fikricha, O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlar, investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish borasidagi tajribasi Afrika mamlakatlari tomonidan chuqur o‘rganilishi va amaliyotga tatbiq etilishi lozim.

Uchrashuv chog‘ida Sitak shahri bilan O‘zbekiston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi almashinuvlarni kengaytirish, shaharda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralar chog‘ida Mohamed Egal O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Shu bilan birga, hokim shaharda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik diaspora vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahalliy jamiyat hayotidagi faolligini rag‘batlantirish, O‘zbekiston va Sitak ishbilarmon doiralari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishda shaxsan ko‘mak berishga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish