YXHT Samarqand forumini inson huquqlari bo‘yicha amaliy hamkorlik uchun muhim maydon sifatida e’tirof etdi
Sentabr 29, 2026. 19:16 • 3 daq
• 102VENA, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik” mavzusida beshinchi Samarqand forumi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda YXHT Milliy ozchiliklar bo‘yicha oliy komissari Kristof Kamp hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi vakili Mariya Telalyan ham ishtirok etdi.
Kristof Kamp O‘zbekiston bilan milliy ozchiliklar masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqot yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Ta’lim sohasidagi til siyosati, milliy ozchilik vakillarining ijtimoiy, iqtisodiy va jamoat hayotidagi samarali ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
YXHT Oliy komissari milliy ozchiliklarga mansub shaxslarning o‘z madaniyatidan foydalanish, o‘z diniga e’tiqod qilish va o‘z tilidan foydalanish huquqini nazarda tutuvchi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 27-moddasi muhimligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, huquqlarni to‘liq amalga oshirish uchun faqat yuridik tenglikning o‘zi yetarli emas. Mehnat, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyati, fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga o‘zaro bog‘liq holda rioya etilishini ta’minlash zarur.
Kristof Kamp nizolarning oldini olish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda inklyuziv rivojlanish muhimligini ta’kidladi. U Markaziy Osiyoni ko‘p millatli, tilli va madaniyatli mintaqa sifatida ta’riflab, xilma-xillik ijtimoiy barqarorlik, taraqqiyot va jamiyat mustahkamligining muhim manbai ekanligini qayd etdi.
O‘z navbatida, Mariya Telalyan inson huquqlari ishonch tili sifatida sohadagi universal standartlarning 60-yilligi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlariga bag‘ishlangan forum mavzusining alohida ahamiyatini ta’kidladi.
Uning fikricha, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar qonunchilik, davlat siyosati va kundalik amaliyotda izchil amalga oshirilishi kerak. Huquqlar buzilganda munosabat bildirish mexanizmlari samarali ishlashi, fuqarolar va davlat organlari o‘rtasida esa ochiq muloqot ta’minlanishi lozim.
Forum davomida YXHT mintaqasidagi tendensiyalar, xususan, siyosiy qutblanish, inson huquqlariga qarshi ritorika, demokratik institutlarning zaiflashuvi hamda fuqarolik jamiyati va inson huquqlari himoyachilari faoliyati uchun makonning qisqarishiga ham e’tibor qaratildi.
Mariya Telalyan inson huquqlari sohasidagi vaziyatni monitoring qilish, qonunchilik va davlat siyosatini tahlil qilish, tavsiyalar tayyorlash, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va aholining huquqiy xabardorligini oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlarining roli muhimligini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

