O‘zbekiston va Germaniya hamshiralarni tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirmoqda
Noyabr 21, 2026. 10:30 • 2 daq
• 124BERLIN, 21-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasida “Globogate” kompaniyasi vakillari bilan hamkorlikda hamshiralik va parvarishlash mutaxassislarini tayyorlash hamda ularni Germaniyada ishga joylashtirishga bag‘ishlangan “Deutscher Pflegetag 2026” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Germaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi, tibbiyot va ta’lim muassasalari, ish beruvchilar hamda ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda o‘zbekistonlik mutaxassislarni kasbiy tayyorlash, ularni Germaniya sog‘liqni saqlash tizimiga integratsiya qilish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiyada so‘zga chiqqanlar yuqori sifatli kasbiy va til tayyorgarligi, malakalarni tan olish hamda mutaxassislarning yangi muhitga moslashuvini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladilar.
Xususan, Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Roland Yopp O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligini qayd etdi.
Yig‘ilishning markaziy mavzularidan biri o‘rta tibbiyot xodimlarini nemis standartlari asosida o‘qitish bo‘ldi. “Globogate” kompaniyasi bosh direktori Jessika Buneya O‘zbekistondagi 20 ta kollejni qamrab olgan maxsus tayyorgarlik dasturi haqida ma’lumot berdi.
Ekspertlar Germaniya sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Global Skills Partnership” pilot loyihasi doirasida kadrlar tayyorlash va ularning hujjatlarini tan olish masalalarini muhokama qildilar. Bu jarayon shaffof va adolatli “Faire Anwerbung Pflege Deutschland” sifat belgisi talablariga muvofiq tashkil etilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, Germaniyadagi nufuzli klinikalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, nemis shifoxonalarining o‘zbekistonlik kadrlarga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildilar.
Muhokamalar yakunida tomonlar kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va o‘zbekistonlik mutaxassislarning Germaniyada muvaffaqiyatli mehnat qilishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



