Pokiston va O‘zbekiston farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Iyul 13, 2026. 19:30 • 2 daq

182
Pokiston va O‘zbekiston farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

LAHOR, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Farhod Ermanov va O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev boshchiligidagi delegatsiya Lahor shahriga tashrifi davomida qator yetakchi farmatsevtika kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, delegatsiya Pokistonning “CCL Pharma”, “Pharmagen Limited”, “Bio Science Pharma”, “Don Valley Ltd.” va “Highnoon Laboratories” korxonalari faoliyati, ish jarayoni hamda xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Kompaniya rahbarlari bilan o‘tkazilgan muzokaralarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, import qilinayotgan dori vositalarini mahalliylashtirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Qoraqalpog‘istonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, amalga oshirilayotgan islohotlar va farmatsevtika sohasiga sarmoya kiritayotgan xorijiy kompaniyalar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida maʼlumot berildi. Shu bilan birga, Qoraqalpog‘istonning dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji, ichki bozor imkoniyatlari va mazkur sohadagi mavjud salohiyat haqida ham to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda respublikada isteʼmol qilinayotgan farmatsevtika mahsulotlarining asosiy qismi Rossiya, Xitoy, Hindiston hamda Yevropa davlatlaridan import qilinmoqda. Shu munosabat bilan hududda zamonaviy farmatsevtika ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va sohaga Pokistonning yetakchi kompaniyalarini jalb etish muhim ahamiyatga ega.

“CCL Pharma” kompaniyasi rahbari Junayd Shafi 2024 yilda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini yodga olib, “Tashkent Pharma Park” hududida yaratilgan sharoitlar va investitsiya imkoniyatlari to‘g‘risida gapirdi.

Uchrashuvlar davomida tomonlar farmatsevtika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirish, kelgusida amaliy muloqotlarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish