O‘zbekiston va Malayziya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi

Iyul 02, 2026. 22:30 • 2 daq

101
O‘zbekiston va Malayziya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi

TOSHKENT, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Malayziya Parlamenti Vakillar palatasi o‘rtasidagi parlamentlararo do‘stlik guruhining onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot davomida Malayziya vakillariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar, Qonunchilik palatasining tarkibiy tuzilishi va qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi zamonaviy faoliyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Malayziya–O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Kelvin Yi Li o‘zaro munosabatlarning rivojlanish surʼatini yuqori baholadi. Uning taʼkidlashicha, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning 2024-yil may oyida O‘zbekistonga qilgan tashrifi hamda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil fevral oyida Malayziyaga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki tomonlama aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishda mustahkam huquqiy va siyosiy poydevor bo‘lib xizmat qildi.

Uchrashuvda tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, axborot texnologiyalari (IT) va sunʼiy intellekt, ilm-fan, taʼlim, madaniy-gumanitar hamda turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini diqqat markazida tutdi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini taʼminlash yuzasidan parlament nazoratini kuchaytirish, qonunchilik sohasida doimiy tajriba almashish va do‘stlik guruhlari faoliyatini yana-da faollashtirish zarurligi alohida qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida zamonaviy ilm-fan va taʼlim yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, “yashil” hamda qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni zamon talablariga muvofiqlashtirish hamda ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmini yana-da rivojlantirishda parlament imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalariga urg‘u berildi.

Uchrashuv yakunida parlamentlararo do‘stlik guruhining istiqboldagi faoliyat yo‘nalishlari va qo‘shma amaliy hamkorlik rejalari bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish