O‘zbekiston Prezidenti Gruziyaning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Iyul 02, 2026. 21:55 • 2 daq
• 12
TOSHKENT, 2-iyul. /“Dunyo” AA/. Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Gruziyaning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston–Gruziya ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlatimiz rahbariga ushbu mukofotni Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili, Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze hamda Parlament Raisi Shalva Papuashviliga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, do‘st Gruziya xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.
1998-yilda taʼsis etilgan “Oltin mo‘yna” ordeni mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va sanʼatini targ‘ib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.
Ordenning nomi Oltin mo‘yna haqidagi qadimgi yunon afsonasi hamda hozirgi Gruziya hududida joylashgan tarixiy o‘lka – Kolxida bilan bog‘liq.
Turli yillarda mazkur yuksak mukofot bilan Buyuk Britaniya Qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya Podshohi Abdulla II, Germaniya Kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi