Stokgolmda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Noyabr 20, 2026. 13:00 • 2 daq

• 230
Stokgolmda mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

STOKGOLM, 20-noyabr. /“Dunyo” AA/. Stokgolm iqtisodiyot maktabida “Markaziy Osiyoda suv, barqaror rivojlanish va siyosat” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ceminar Shvetsiya Orol dengizi jamiyati hamda Markaziy va Sharqiy Yevropani o‘rganish bo‘yicha xalqaro assotsiatsiya tomonidan tashkil etildi. Tadbirda shvetsiyalik olim va professorlar, jamoatchilik vakillari, ekspertlar, diplomatlar, jumladan, O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi xodimlari ishtirok etdi.

Seminar davomida beshta ma’ruza tinglandi. Qirollik texnologiya institutining faxriy professori Born Frostell Samarqandda 15 nafar magistrant uchun tashkil etilgan barqaror rivojlanish bo‘yicha yozgi kurs haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

“Alstom” kompaniyasi yuristi Kornel Marian O‘zbekiston va Qozog‘istonda temir yo‘llarni rivojlantirish hamda “yashil” investitsiyalar jalb etish tajribasi xususida so‘zlab berdi. 

Uppsala universitetining Rossiya va Yevrosiyoni o‘rganish instituti professori Ann-Mari Setre mintaqada xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor mavzusida ma’ruza qilgan bo‘lsa, tadqiqotchi Marianne Laanatsa Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi aloqalar rivoji, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi sheriklik va transport-infratuzilma loyihalari haqida to‘xtaldi.

Shvetsiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Martin Rosen mintaqaga safaridan olgan ilk taassurotlari bilan bo‘lishib, oldinda turgan vazifalar haqida gapirib berdi.

Ma’ruzalardan so‘ng ishtirokchilar norasmiy muhitda Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish, Orol dengizi muammosi, barqaror rivojlanish hamda Shvetsiyaning mintaqa davlatlari, xususan, O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish