O‘zbekiston va Pokiston temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

Iyun 17, 2026. 14:30 • 2 daq

254
O‘zbekiston va Pokiston temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytiradi

ISLOMOBOD, 17-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston temir yo‘llari vaziri Muhammad Hanif Abbasi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida transport-kommunikatsiya sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida vazir Muhammad Hanif Abbasi joriy yil 5–6-fevral kunlari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini yuksak baholadi. Mazkur tashrif doirasida transport, ayniqsa temir yo‘l sohasida ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishilgani alohida ta’kidlandi.

Pokiston tomonining ta’kidlashicha, ushbu kelishuvlar nafaqat O‘zbekiston va Pokiston, balki Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari o‘rtasida transport-logistika aloqalarini mustahkamlash nuqtayi nazaridan ham strategik ahamiyat kasb etadi.

Xususan, “Termez–Naybobod–Logar–Xarlachi” yo‘nalishida barpo etilishi rejalashtirilgan Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda xalqaro yuk tashuvlari uchun yangi va samarali transport yo‘laklarini shakllantirishga xizmat qiluvchi yirik infratuzilmaviy tashabbus sifatida e’tirof etilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, tomonlar muloqot davomida oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va izchil amalga oshirish, xususan, Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayonini jadallashtirish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratdi.

Uchrashuv yakunida ko‘rib chiqilgan masalalarni O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari mutasaddilari bilan batafsil muhokama qilish maqsadida Pokiston temir yo‘llari vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish