O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligi sohasida muhim kelishuvga erishdi

Iyun 18, 2026. 09:00 • 2 daq

128
O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligi sohasida muhim kelishuvga erishdi

KUALA-LUMPUR, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. Malayziya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi vaziri Muhammad Sabuning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagistrategik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. Malayziyaning “The Star” nashriga tayanib.

Maqolada ta’kidlanishicha, ushbu kelishuvlarga Toshkentda Muhammad Sabu va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida erishildi.

Tomonlar akvamadaniyat, barqaror sug‘orish texnologiyalari, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish uchun “aqlli” texnologiyalarni joriy etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Xabarda yozilishicha, 2025-yilning yanvar–dekabr oylarida Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi hajmi 338,5 million Malayziya ringgitini (84,6 million AQSh dollari) tashkil etgan. Eksport tarkibida kofe, kakao, choy, ziravorlar va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari ustunlik qilgan bo‘lsa, import asosan yuqori sifatli mevalar — mayiz va gilosdan iborat bo‘lgan.

Muhammad Sabu Malayziyaning akvamadaniyat, dengiz mahsulotlari ishlab chiqarish va sifatni nazorat qilish tizimlari, jumladan, qisqichbaqachilik sohasidagi tajribasini o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi hamda O‘zbekiston baliqchiligida “bioflok” texnologiyasini qo‘llash imkoniyati mavjudligini qayd etdi.

O‘zbekiston tomoni baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun Malayziyaning ilg‘or tajribasi, texnologiyalari va sarmoyalarini jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Tomonlar ilmiy sohada o‘zaro anglashuv memorandumini tayyorlashni yakunlash maqsadida Malayziya qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va ishlanmalari instituti hamda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi o‘rtasidagi muzokaralarni davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi.

Malayziya tomoni O‘zbekiston delegatsiyasini joriy yilning 28-avgustidan 6-sentyabriga qadar bo‘lib o‘tadigan “Malayziya qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va agroturizmi” (MAHA–2026) xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.

Tashrif doirasida “Meraque Group” kompaniyasining O‘zbekistondagi faoliyatini rasman yo‘lga qo‘yish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish