O‘zbekiston Bosh vaziri Iroq Savdo vazirini qabul qildi

Iyun 17, 2026. 21:14 • 3 daq

67
O‘zbekiston Bosh vaziri Iroq Savdo vazirini qabul qildi

TOSHKENT, 17-iyun /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh vaziri Iroq savdo vazirini qabul qilib, keng qamrovli iqtisodiy sheriklik va savdo hamkorligi masalalarini muhokama qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Iroq savdo vaziri Mustafo Nizor al-Aniy o‘rtasidagi uchrashuv V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Iroq tomonidan Tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarmasi bosh direktori, Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi vakili, Iqtisodiy kengash raisi, shuningdek, qator iroqlik tadbirkorlar va investorlar ishtirok etdi.

Suhbat davomida Abdulla Aripov Iroq Bosh vaziri Ali Falih az-Zaydiyga yangi hukumat tuzilgani munosabati bilan tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi. Bosh vazir Iroq hukumatining iqtisodiy va taraqqiyot dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishi hamda do‘st davlatlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashini tiladi.

Bosh vazir O‘zbekiston hukumati Iroq bilan iqtisodiy va savdo munosabatlarini yanada rivojlantirish va ularni yangi bosqichga olib chiqishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. U ikki mamlakat o‘rtasida Qo‘shma savdo qo‘mitasini shakllantirish ishlarini yakunlash va uning birinchi yig‘ilishini Toshkent shahrida o‘tkazish muhimligini qayd etib, Iroqni O‘zbekistonning Yaqin Sharq mintaqasidagi muhim iqtisodiy sherigi sifatida baholadi.

Abdulla Aripov O‘zbekiston xususiy sektori ishtirokida sanoat va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirib, elektrotexnika sanoati yo‘nalishida Iroq hududida elektr mahsulotlari va jihozlari ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganish muhimligini ta’kidladi. Bu tajriba almashish, yangi ish o‘rinlari yaratish va sanoat taraqqiyotini rag‘batlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.

O‘z navbatida, savdo vaziri Mustafo Nizor al-Aniy Iroq hukumati iqtisodiy sherikliklarni diversifikatsiya qilish va birodar mamlakatlar bilan savdo-investitsiya hamkorligini kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Iroq turli ishlab chiqarish va sanoat sohalarida sarmoya kiritish uchun istiqbolli muhitni taklif etmoqda.

Vazir ikki mamlakat o‘rtasidagi logistika aloqalarini mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, Iroq va O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish taklifini ilgari surdi. Uning fikricha, mazkur tashabbus tadbirkorlar, investorlar va sayyohlar harakatini yengillashtirish, savdo aylanmasini oshirish hamda iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur taklif O‘zbekiston tomonida qiziqish bilan qabul qilindi.

Uchrashuv davomida ikki davlat xususiy sektorlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, tadbirkorlarni qo‘shma loyihalar va sherikliklarni yo‘lga qo‘yishga rag‘batlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Shuningdek, Iroq savdo vaziri O‘zbekiston tomonini navbatdagi Bag‘dod xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etishga rasman taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur ko‘rgazma o‘zbek kompaniyalari uchun mahsulot va xizmatlarini namoyish etish, Iroqning davlat va xususiy sektor vakillari bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun muhim maydon hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Bosh vaziri tegishli idoralarga iroqlik investorlar, tadbirkorlar va sayyohlar uchun viza rasmiylashtirish tartib-taomillarini yengillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Qayd etilganidek, bu choralar savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish