O‘zbekiston Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotiga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi

Iyun 18, 2026. 09:30 • 2 daq

132
O‘zbekiston Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotiga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi
O‘zbekiston Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotiga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi

BUDAPESHT, 18-iyun. /“Dunyo” AA/. 16–18-iyun kunlari Budapeshtda Yevropa soliq ma’muriyatlari tashkilotining (IOTA) 30-Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.

Yopiq yalpi majlis chog‘ida O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining tashkilotga assotsiatsiyalashgan a’zo maqomida kirish to‘g‘risidagi arizasi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekistonda raqamli xizmatlar, ma’lumotlar tahlili, tavakkalchilikka asoslangan nazorat hamda soliq majburiyatlariga ixtiyoriy rioya etilishini qo‘llab-quvvatlashga asoslangan zamonaviy soliq tizimi shakllantirilayotgani qayd etildi.

Elektron hisobvaraq-fakturalar, onlayn-kassa texnikasi, tovarlarni raqamli markirovkalash, avtomatlashtirilgan risk-tahlil va soliqlarni proaktiv hisoblashni joriy etishga alohida e’tibor qaratilgani bildirildi. Bu choralar ma’muriy to‘siqlarni kamaytirish, tizim shaffofligini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan.

Yopiq ovoz berish natijalariga ko‘ra, Bosh assambleya O‘zbekistonning arizasini qo‘llab-quvvatladi va mamlakatimiz IOTAga assotsiatsiyalashgan a’zo sifatida qabul qilindi.

Tashkilotga a’zolik O‘zbekistonga Yevropa mamlakatlari soliq ma’muriyatlari bilan kasbiy hamkorlikni kengaytirish, raqamlashtirish va risklarni boshqarish sohasida ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish, shuningdek, soliq tizimini raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan almashish imkonini berishi ta’kidlandi.

Bosh assambleya doirasida, shuningdek, soliq ma’muriyatchiligida sun’iy intellektdan foydalanish, komplayens vositalarini rivojlantirish, risklarni boshqarish va 2030-yilgacha bo‘lgan soliq tizimlarining kelajakdagi modellari kabi masalalar ham muhokama qilinmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish