O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmonlik hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilandi

Noyabr 08, 2026. 16:00 • 2 daq

• 241
O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmonlik hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilandi
O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmonlik hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilandi
O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmonlik hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilandi

ASHXOBOD, 8-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Odilxon Rustamov boshchiligida yuz nafardan ortiq ishbilarmon doiralar vakillaridan iborat biznes delegatsiyaning Turkmanistonga tashrifi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Safar doirasida O‘zbekiston vakillari Ashxobod shahrida sanoat, qurilish va energetika sohalariga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va forumda ishtirok etdi.

Ko‘rgazmada 20 dan ortiq o‘zbek kompaniyasi “Made in Uzbekistan” milliy brendi ostida o‘z mahsulotlari va ishlanmalarini namoyish etdi. Delegatsiya rahbari milliy ekspozitsiya bilan Turkmaniston hukumati a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda diplomatik korpus vakillarini tanishtirdi.

Tashrifning muhim tadbirlaridan biri O‘zbekiston va Turkmaniston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida tashkil etilgan B2B formatidagi biznes uchrashuvlari bo‘ldi. Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, eksport-import operatsiyalarini kengaytirish hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvlarda savdo shartnomalarini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ishbilarmonlik aloqalarini izchil davom ettirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish va yangi biznes loyihalarini amalga oshirish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotlarni muntazam tashkil etishga kelishib olindi.

Delegatsiya a’zolari Turkmanistondagi savdo markazlari, yirik bozorlar va ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Turkmanboshi xalqaro dengiz portiga tashrif davomida port rahbariyati bilan transport-logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yuk tashish hajmini oshirish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari bo‘yicha fikr almashildi.

Delegatsiya a’zolari portning zamonaviy infratuzilmasi, xalqaro transport yo‘nalishlari, logistika salohiyati hamda tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

O‘zbekiston biznes delegatsiyasining Turkmanistonga tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim amaliy ahamiyat kasb etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish