Samarqandda “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus” birinchi ekspertlar muloqoti o‘z ishini yakunladi

Noyabr 07, 2026. 12:30 • 3 daq

• 186
Samarqandda “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus” birinchi ekspertlar muloqoti o‘z ishini yakunladi

SAMARKAND, 7-noyabr. /“Dunyo” AA/. Samarqand shahrida 5–6-noyabr-kunlari “Xavfsizlik masalalari bo‘yicha SHHT plyus” birinchi ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

So‘nggi 10-yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, global hamda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

2024-yil Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Xavfsizlik masalalari bo‘yicha “SHHT plyus” ekspertlar muloqotini tashkil etish tashabbusi bugun hayotda o‘z ifodasini topib, ushbu formatdagi ilk xalqaro uchrashuv Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi.

Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonning xalqaro xavfsizlik masalalari bo‘yicha konstruktiv muloqotni rivojlantirish, turli davlatlar va xalqaro tuzilmalarning sa’y-harakatlarini birlashtirish hamda umumiy tahdidlarga nisbatan muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni shakllantirish borasidagi tashabbuskorligini namoyon etdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Prezidentining muloqot ishtirokchilarga yo‘llagan murojaati o‘qib eshittirildi. Unda ta’kidlanganidek, SHHTning ta’sischi davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston barqarorlikni saqlash va inklyuziv taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida ishtirokchi mamlakatlarni birlashtiruvchi noyob ko‘p tomonlama platforma sifatida SHHTning rolini yanada kuchaytirish va faoliyat ko‘lamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratadi.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati rahbari general-polkovnik Bahodir Qurbonov raisligida bo‘lib o‘tgan xalqaro tadbirda SHHTga a’zo davlatlar, kuzatuvchilar, muloqot bo‘yicha hamkor mamlakatlar maxsus xizmatlarining rahbarlari hamda vakillari, shuningdek xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etdi.

Jami 24 davlatdan 33 ta delegatsiya hamda 5 ta xalqaro tashkilot vakillarining qatnashishi mazkur muloqot maydonining xalqaro ahamiyati va unga bo‘lgan qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatdi.

“Raqamli transformatsiya davrida xavfsizlik: yangi texnologiyalar rivojlanishini hisobga olgan holda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish” bosh mavzusi bo‘lgan ushbu anjumanda ilg‘or texnologiyalar hamda tobora ommalashib borayotgan sun’iy intellekt imkoniyatlarining xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka ta’siri, ular bilan bog‘liq yangi tahdid va xatarlar, terrorizm hamda ekstremizmga qarshi kurashishda innovatsion yondashuvlardan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Zero, Prezidentimiz murojaatida ta’kidlanganidek, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va global kommunikatsiya vositalarining jadal rivojlanishi, bir tomondan, taraqqiyot uchun keng imkoniyatlar yaratayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ilgari kuzatilmagan mutlaqo yangi zaiflik va tahdidlarni ham yuzaga keltirmoqda.

Muloqotda bunday tahdid va xatarlarga qarshi kurashda davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish, xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan hamkorlik zarur ekaniga urg‘u qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasida o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlash hamda mavjud hamkorlik mexanizmlari samaradorligini oshirish bo‘yicha kelishib oldilar.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro tadbir O‘zbekistonning global va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotganining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish