O‘zbekiston BMTning Yaqin va O‘rta Sharqda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bo‘yicha kichik qo‘mitasining 58-sessiyasiga mezbonlik qiladi

Noyabr 06, 2026. 20:00 • 3 daq

• 191
O‘zbekiston BMTning Yaqin va O‘rta Sharqda giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bo‘yicha kichik qo‘mitasining 58-sessiyasiga mezbonlik qiladi

VENA, 6-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari BMTning Giyohvandlik vositalari va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT GJB) rahbar organlari kotibiyati rahbari Jo Dedeyn-Amann bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida 2026-yil 15–18-dekabr kunlari Toshkent shahrida BMTning Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va u bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasining 58-sessiyasini tayyorlash va o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Kichik qo‘mita BMTning Giyohvandlik vositalari bo‘yicha komissiyasining mintaqaviy yordamchi organi hisoblanadi. Uning tashkil etilishi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan 1973-yilda ma’qullangan. Kichik qo‘mita tarkibiga O‘zbekiston bilan bir qatorda 23 ta davlat a’zodir. Shuningdek, uning ishida kuzatuvchi davlatlar va tarmoq xalqaro tashkilotlari ham qatnashadi. Kichik qo‘mitasining asosiy vazifasi giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida mintaqaviy hamkorlikni rag‘batlantirish, ma’lumot va tajriba almashish, shuningdek, narkojinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat.

Navbatdagi sessiyaning Toshkentda o‘tkazilishi mintaqa davlatlari hamkorligini mustahkamlash, dolzarb muammolarni muhokama qilish va transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilash uchun muhim imkoniyat yaratadi. Tadbir kichik qo‘mitaga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirib, ularga konstruktiv muloqot va ilg‘or tajriba almashish maydonini taqdim etishi kutilmoqda.

O‘zbekiston uchun mazkur tadbirning o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etib, mamlakatning mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi izchil intilishlarini aks ettiradi. Respublika mezbon tomon sifatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish sohasidagi o‘z tajribasi va tashabbuslarini taqdim etish, shuningdek, mintaqa davlatlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda 2031-yilda BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov masalalari bo‘yicha 16-kongressini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonning tegishli tashabbusi 2026-yil 26-sentyabr – 1-oktyabr kunlari Ab-u-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan 15-kongress ishtirokchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan edi. Uning yakuniy majlisida jahon hamjamiyatining kongress doirasidagi keyingi uchrashuvi O‘zbekistonda o‘tkazilishi tasdiqlandi.

Shu tariqa, kichik qo‘mitasining 58-sessiyasi Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekistonning BMT bilan sherikligini rivojlantirish hamda mamlakatning giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni ilgari surishdagi faol rolini yana bir bor tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish