O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi

Oktabr 23, 2026. 16:30 • 3 daq

• 158
O‘zbekiston uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi

VЕNA, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori o‘rinbosari Jobir Azimov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasining 13-sessiyasida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Oliy darajadagi tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi jinoyatchilikning oldini olish, jinoiy odil sudlov tizimini mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha mamlakatning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan milliy bayonotni taqdim etdi.

Uchrashuvda inson huquqlariga so‘zsiz rioya qilgan holda, jinoyatlar oqibatlariga qarshi kurashishdan ularning barvaqt oldini olish, xavf-xatarlarni aniqlash va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga o‘tish zarurligi ta’kidlandi.

Aholining zaif qatlamlari va yoshlarni himoya qilish, korrupsiya hamda giyohvandlik moddalarining transmilliy noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, kiberxavfsizlikni ta’minlash va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar imkoniyatlarini kengaytirish asosiy yo‘nalishlar sifatida alohida ko‘rsatib o‘tildi.

Narkojinoyatchilikka qarshi kurashish milliy tizimini takomillashtirish, bu borada strategiya qabul qilish va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (BMT NJB) bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratildi.

Toshkentda BMT NJB bilan hamkorlikda Axborot markazining tashkil etilishi, Narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqand xalqaro forumining o‘tkazilishi hamda ShHTning Xavfsizlikka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha markazining ish boshlashi O‘zbekistonning amaliy tashabbuslari qatorida qayd etildi.

O‘zbekiston raqamli xavfsizlik sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi. 2025-yil oktabr oyida mamlakat BMTning Kiberjinoyatchilikka qarshi konvensiyasini imzoladi, 2026-yil mart oyida esa 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasini qabul qildi.

Milliy bayonotda mamlakatning axborot va ilg‘or tajriba almashinuvini kengaytirish, davlatlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni mustahkamlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston 2027-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlari konferensiyasining 12-sessiyasini, 2031-yilda esa BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha 16-kongressini qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qildi.

Konferensiyaning 13-sessiyasi transmilliy tahdidlar tobora ortib borayotgan, raqamli texnologiyalardan jinoiy maqsadlarda foydalanish, giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasi, odam savdosi va korrupsiya kuchayayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirda 1 500 nafardan ortiq kishi, xususan, 65 dan ziyod mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari darajasidagi vakillari, shuningdek, xalqaro ekspertlar va nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Palermo konvensiyasi nomi bilan tanilgan BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2000-yil 15 noyabrda qabul qilingan va 2003-yil 29 sentabrda kuchga kirgan. 2026-yil oktabr holatiga ko‘ra, 195 ta davlat uning ishtirokchisi hisoblanadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish