O‘zbekiston va Tailand Ombudsmanlari hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi
Oktabr 23, 2026. 14:30 • 2 daq
• 153BANGKOK, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Tailanddagi elchixonasida O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova ushbu davlat Ombudsmani Songsak Saicheua bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv doirasida ikki mamlakat Ombudsman institutlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Mazkur hujjat inson huquqlari va erkinliklarini, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda samarali davlat boshqaruvini takomillashtirish sohalarida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
Memorandumda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, tajriba almashish, inson huquqlari sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro majburiyatlarni amalga oshirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Uchrashuv davomida qiynoqlarning oldini olishga qaratilgan qonunchilik, milliy strategiyalar va amaliy mexanizmlarni takomillashtirish, shuningdek, gender tengligini ta’minlash borasida ham fikr almashildi.
BMT bilan hamkorlikni rivojlantirish, o‘quv tadbirlarini tashkil etish, aholining inson huquqlari bo‘yicha xabardorligini oshirish, qonunchilik va davlat siyosatini isloh qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Kelgusida tajriba almashish va hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida kamida ikki yilda bir marta yuqori darajadagi uchrashuvlarni o‘tkazishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Ombudsmani Tailandda istiqomat qilayotgan vatandoshlarga Yangi O‘zbekistondagi islohotlar, qonun ustuvorligini ta’minlash va huquqiy demokratik davlat barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


