Vengriyada O‘zbek tili kuniga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
Oktabr 23, 2026. 15:30 • 2 daq
• 115BUDAPЕSHT, 23-oktabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya poytaxtida O‘zbek tili bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu tadbir mamlakatimizning Vengriyadagi elchixonasi vakillari hamda ushbu davlatda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuv Budapeshtdagi ELTE universitetida o‘tkazildi. Unda diplomatlar, o‘zbekistonlik talabalar, universitet professor-o‘qituvchilari va Vengriya akademik hamjamiyati vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘zbek tilining milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy qadriyatlar va xalqning boy madaniy merosini saqlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar xorijda o‘zbek tilini keng targ‘ib qilish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Vengriya xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash muhimligini qayd etdi.
O‘zbekistonlik talabalar xorijda ona tilini asrab-avaylash va milliy madaniyatni targ‘ib qilish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Vengriyalik professor-o‘qituvchilar va ilmiy jamoatchilik vakillari o‘zbek tili va madaniyatini o‘rganishga qiziqish bildirib, ta’lim va ilm-fan sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.
Tadbirning madaniy dasturi mehmonlarga o‘zbek milliy an’analari, musiqa san’ati va milliy taomlar madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Uchrashuvning Vengriyaning yetakchi universitetlaridan birida o‘tkazilishi o‘zbek tili va madaniyatini xorijda targ‘ib qilish, gumanitar va ta’lim aloqalarini kengaytirish, O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



