O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari vakillari Londonda tajriba oshirdi

May 10, 2026. 14:55 • 2 daq

94
O‘zbekiston sug‘urta kompaniyalari vakillari Londonda tajriba oshirdi

LONDON, 12-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning “MBF Academy” muassasasi tomonidan O‘zbekistonning nufuzli sug‘urta kompaniyalari rahbar xodimlari uchun “Sug‘urta sohasida liderlik va samaradorlik: strategiya, savdo va risklarni boshqarish uyg‘unligi orqali barqaror o‘sish” mavzusida trening va seminarlar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur dastur sug‘urta sohasida faoliyat yuritayotgan rahbar kadrlarning zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, strategik fikrlashni kuchaytirish, samarali savdo mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganishga qaratildi.

Treninglar davomida ishtirokchilar sug‘urta bozorida raqobatbardoshlikni oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va korporativ barqaror o‘sishni taʼminlash bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.

O‘quv dasturi doirasida qatnashchilar “Lloyd‘s of London” hamda “Chartered Insurance Institute” tashkilotlariga amaliy tashrif buyurib, Buyuk Britaniyaning sug‘urta sohasidagi tajribasi, sohani tartibga solish mexanizmlari, innovatsion yechimlar va professional tayyorgarlik tizimi bilan tanishdi.

Uchrashuvlar ishtirokchilarga xalqaro ekspertlar bilan fikr almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va sohadagi ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish imkonini berdi.

Kurs yakunida O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida malaka sertifikatlarini tantanali topshirish marosimi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, ikki mamlakat o‘rtasida sug‘urta sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro tajribani amaliyotga joriy etish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish