O‘zbekiston va Niderlandiya agrosanoat sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda
May 12, 2026. 21:55 • 2 daq
• 44
TOSHKENT, 12-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi vakili Niderlandiyaning Vestlend hududi vakili Ivo Meyer bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot jarayonida agrosanoat hududlarini samarali boshqarish tizimlarini rivojlantirish, Niderlandiyaning ushbu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribasini O‘zbekiston agrosanoat zonalarida qo‘llash imkoniyatlari hamda sohaga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar issiqxona xo‘jaligi va “yashil” texnologiyalar bo‘yicha jahonning yetakchi hududlaridan biri hisoblangan Vestlend tajribasi asosida innovatsion boshqaruv mexanizmlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Suhbat chog‘ida munitsipal xizmatlar faoliyatiga asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlarini joriy etish, natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tamoyillarini amaliy qo‘llash mexanizmlari, davlat idoralari, ilmiy muassasalar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikka asoslangan “uchlik zanjiri” modeli bo‘yicha Vestlend tajribasi yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shu bilan birga, suv tejovchi texnologiyalar, energiyani qayta tiklash tizimlari hamda iqlim o‘zgarishiga moslashtirilgan resurs boshqaruvi sohasidagi ilg‘or yechimlarni joriy etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida Agentlik xodimlari uchun mahalliy boshqaruv jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan sohaviy ekspertlik maslahatlarini hamda O‘zbekiston hokimliklari xodimlari uchun Vestlend munitsipaliteti bazasida maqsadli stajirovkalarni tashkil etishga kelishib olindi.
Tadbirning muhim natijalaridan biri sifatida Namangan viloyatida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish rejalari belgilandi. Xususan, zamonaviy agrosanoat xablari – “Greenports” (“Yashil portlar”)ni tashkil etish nazarda tutilmoqda.
Loyiha ilg‘or xalqaro boshqaruv modellari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali issiqxona shaharchalarining iqtisodiy salohiyatini yana-da oshirishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Xitoy delegatsiyasi O‘zbekiston bilan qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik imkoniyatlarini o‘rgandi



