Bavariyada O‘zbekiston hududlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

Sentabr 29, 2026. 14:00 • 2 daq

• 149
Bavariyada O‘zbekiston hududlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Bavariyada O‘zbekiston hududlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Bavariyada O‘zbekiston hududlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
Bavariyada O‘zbekiston hududlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi

BAMBЕRG, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahatov Germaniyaning Bavariya federal yerining iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan yirik shaharlaridan biri — Bamberg shahrida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida shahar ma’muriyati, tibbiyot va ta’lim muassasalari, shuningdek, Yuqori Frankoniya Savdo-sanoat va Hunarmandchilik palatalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Bamberg ober-burgomistri Sebastyan Nidermayer bilan uchrashuvda iqtisodiyot, turizm, kasbiy va oliy ta’lim, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar hududlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish, rasmiy va ishbilarmon delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini tashkil etish hamda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish yuzasidan fikr almashdilar.

“Sozialstiftung Bamberg” tibbiy-ijtimoiy jamg‘armasi, shuningdek, Bamberg va Noymarkt hamshiralik ishi akademiyalari vakillari bilan muzokaralar chog‘ida o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, jamg‘arma tizimidagi tibbiyot muassasalarida ishlash uchun O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb etish masalasi muhokama qilindi.

Yuqori Frankoniya Hunarmandchilik palatasi, Savdo-sanoat palatasining kasbiy ta’lim va mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari, Bamberg shahar ma’muriyati va “Sozialstiftung Bamberg” jamg‘armasi ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida mintaqa korxonalari, ish beruvchilari hamda kasbiy va dual ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari tahlil qilindi. Xususan, kasbiy ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va ularni mintaqadagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Yuqori Frankoniyada tibbiyot, qurilish, elektrotexnika, mexatronika, yo‘l qurilishi, logistika, ta’lim va mehmonxona biznesi kabi sohalarda 20 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rni mavjudligi qayd etildi. Bu o‘z navbatida kasbiy ta’lim sohasida hamkorlik qilish hamda malakali kadrlarni jalb etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.

Uchrashuvlar yakunida Germaniyaning mazkur mintaqasi rasmiy va ishbilarmon doiralarining 2027-yilda O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, shuningdek, bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun O‘zbekistondan malakali mutaxassislarni jalb etishga qaratilgan amaliy loyihalar va tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish