“Global News Pakistan” AA: MDH bozori O‘zbekiston biznesi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda

Sentabr 29, 2026. 15:30 • 2 daq

• 19
“Global News Pakistan” AA: MDH bozori O‘zbekiston biznesi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda

ISLOMOBOD, 29-sentabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Global News Pakistan” axborot agentligida O‘zbekistonning MDHga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy sherikligiga doir maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Agentlik portalida MDH o‘rtasidagi erkin savdo rejimi, hujjatlar va standartlar, fuqarolarning vizasiz harakati, tranzit va yuk tashish bo‘yicha kelishuvlar xususida ma’lumotlar berilgan.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan so‘nggi yillardagi savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlari oshib bormoqda. Bu borada MDH bozorlari o‘zbek biznesi uchun tanish: standartlar uyg‘un, til to‘sig‘i yo‘q, logistika yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, bojsiz kirish imkoniyati bor.

“MDH aholisi taxminan 250 million kishini tashkil etadi. Bu meva-sabzavot mahsulotlari, to‘qimachilik, avtomobillar, elektrotexnika, kimyoviy tovarlar va xizmatlarga barqaror talabni shakllantiradi. Asosiy hamkorlar Rossiya va Qozog‘iston bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Belarus ham muhim o‘rin tutadi”, – deya qayd etilgan materialda.

Agentlikda O‘zbekiston uchun MDHning ahamiyati tovar oqimlaridan tashqari, mehnat migratsiyasini ham o‘z ichiga olishiga e’tibor qaratilgan. Maqolada 2020-yilda O‘zbekiston MDHga birinchi marta raislik qilgani, o‘sha davrda belgilab berilgan “bosqichma-bosqich yangi sifat darajasiga chiqish” g‘oyasi keyingi vazifalar uchun dasturilamal bo‘lgani ta’kidlangan.

“O‘zbekiston Prezidenti MDH sammitlarida 100 dan ortiq tashabbusni ilgari surgan. Ushbu tashabbuslar aniq maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Toshkent “chegarasiz va cheklovsiz” erkin savdo zonasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi”, – deb yozgan muallif.

Maqolada qayd etilganidek, O‘zbekiston uchun MDH davlatlari bilan hamkorlik “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining tabiiy harakatlantiruvchisi bo‘lib, tezkor sanoatlashuv, eksport o‘sishi va aholi daromadlarining oshishiga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish