Toshkentda O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Oktabr 10, 2026. 13:00 • 2 daq

• 156
Toshkentda O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

TOSHKЕNT, 10-oktabr. /“Dunyo” AA/. Kecha Toshkent shahrida O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma iqtisodiy qo‘mitasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Buyuk Britaniyaning savdo bo‘yicha davlat vaziri Anas Sarvar raislik qildi.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro savdo, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Yig‘ilishida joriy yilning yanvar–avgust oylarida ikki tomonlama tovar ayirboshlash 12,6 foizga o‘sib, 250 million AQSh dollariga yaqinlashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muhokama chog‘ida Buyuk Britaniyaning savdo imtiyozlari tizimi (DCTS)ni joriy etish, sertifikatlashtirish jarayonlarini soddalashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish va o‘zbek mahsulotlarini Britaniyaning yirik savdo tarmoqlariga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, 46 ta loyihani amalga oshirish, “UK Export Finance” ishtirokida moliyalashtirish masalalari, Toshkent xalqaro moliya markazini rivojlantirish hamda elektrotexnika, muhim minerallar, farmatsevtika va transport mashinosozligi sohalarida kooperatsiyani kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Majlis yakunida savdo, investitsiyalar, sanoat, raqamli texnologiyalar, moliya va sog‘liqni saqlash sohalaridagi kelishuvlarni mustahkamlovchi qo‘mitaning ikkinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish