O‘zbekistonda modulli maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini qurish loyihalari ishlab chiqilmoqda
Sentabr 18, 2026. 17:00 • 2 daq
• 162
FRANKFURT-MAYN, 18-sentabr. / “Dunyo” AA/. O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va Germaniyaning “The Vault Partners” kompaniyasi vakillari raqamli infratuzilma hamda data-markazlar sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha videokonferensiya o‘tkazdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil etilgan onlayn-uchrashuvda “The Vault Partners” mutaxassislari kompaniya faoliyati, data-markazlar, raqamli infratuzilma va yuqori unumdorlikdagi hisoblash tizimlari sohasidagi tajribasi hamda amalga oshirilgan loyihalari haqida so‘z yuritib, O‘zbekiston bozoriga kirish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etdilar.
Tomonlar O‘zbekistonda hisoblash quvvatlariga bo‘lgan ortib borayotgan talabni taʼminlash, shu jumladan sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan zamonaviy data-markazlar infratuzilmasini yaratish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, “The Vault Partners” O‘zbekistonda har birining mo‘ljallangan quvvati 10 dan 50 MVt gacha bo‘lgan kichik modulli data-markazlarni barpo etish loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunday yondashuv mavjud energetika resurslari va infratuzilmani hisobga olgan holda raqamli infratuzilmani bosqichma-bosqich rivojlantirish imkonini beradi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari O‘zbekistonning data-markazlarni qurish va rivojlantirish sohasidagi investitsiyaviy imkoniyatlari, shuningdek, raqamli iqtisodiyot va sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdilar.
Qoraqalpog‘iston Respublikasining imkoniyatlariga, jumladan hududning mavjud energetika va infratuzilma resurslari hamda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Vazirlik vakillari, shuningdek, potensial investorni data-markazlar va bulutli xizmatlar sohasidagi loyihalar uchun nazarda tutilgan soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, investorlar uchun yaratilgan maxsus sharoitlar bilan tanishtirdilar.
Xususan, qiymati 100 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan yirik loyihalar, jumladan data-markazlar va bulutli xizmatlar sohasidagi loyihalarni rag‘batlantirish choralari — yer uchastkalarini tezlashtirilgan tartibda ajratish, tashqi infratuzilmaga ulash va boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etildi.
Uchrashuv yakunida “The Vault Partners” vakillari O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini hamda mamlakat bozoriga chiqish imkoniyatlarini yanada chuqurroq o‘rganishdan manfaatdor ekanini tasdiqladilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi