Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilarining oltin medallari 10 taga yetdi
Sentabr 27, 2026. 14:34 • 2 daq
• 83AICHI-NAGOYA,-27-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi kutilganidek, navbatdagi medallarni qo‘lga kiritib, medal jamg‘arishda kuchli uchlikka kirishga harakat qilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
26-sentyabr-kuni sportchilarimiz uchta medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, bugungi bellashuvlarda, hozircha, 2 ta oltin va 1 ta bronza medallari qo‘lga kiritildi.
Kurash bo‘yicha erkaklar o‘rtasida +90 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Shohruhxon Baxtiyorov va Bekmurod Oltiboyev yarim finalda o‘zaro to‘qnash keldi. Unda Shohruhxon Baxtiyorov g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi. Bekmurod Oltiboyev esa bronza medalga ega bo‘ldi.
Final bahsida Shohruhxon Baxtiyorov Tojikiston vakili Shakarmamad Mirmamadovga qarshi bahs olib bordi. Hamyurtimiz 5:0 hisobida ishonchli g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. Bu O‘zbekiston delegatsiyasining musobaqadagi 10-oltin medali bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida -57 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Ibodatxon Agojonova ham barcha raqiblarini mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Hal qiluvchi bahsda u tayvanlik Van-Tin Li bilan bellashib, 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 37 taga yetdi. Ularning 10 tasi oltin, 17 tasi kumush va 10 tasi bronza medaldir.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yarim finalda Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi. Final yo‘llanmasi uchun bahs 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da boshlanadi.
Hozircha O‘zbekiston umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bugungi musobaqa dasturlarida kurashning -57 va +90 kilogramm vazn toifalarida qit’aning 22 davlatidan sportchilar Osiyo o‘yinlari chempionligi uchun bahs olib bordi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




