Klod Leblan: Transport diplomatiyasi O‘zbekiston salohiyatini oshirishga xizmat qiladi

Sentabr 27, 2026. 15:06 • 2 daq

• 11
Klod Leblan: Transport diplomatiyasi O‘zbekiston salohiyatini oshirishga xizmat qiladi

PARIJ, 27-sentyabr./"Dunyo" AA/. Fransiyalik taniqli yozuvchi va xalqaro ekspert Klod Leblan "Temir yo‘l geosiyosati" ("Géopolitique du train") nomli yangi kitobida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus bo‘lim ajratdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tayyorlangan ushbu bo‘limda yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar, Markaziy Osiyodagi ochiq va pragmatik tashqi siyosat, transport-logistika sohasida ilgari surilayotgan strategik tashabbuslar yoritilgan.

Muallif so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy mavqei mustahkamlanib borayotganini alohida qayd etgan. Uning yozishicha, tashqi siyosatda mintaqa davlatlari bilan munosabatlarga ustuvor ahamiyat berilishi natijasida qo‘shni mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va transport aloqalari sezilarli darajada faollashgan.

Kitobning O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida transport diplomatiyasi alohida o‘rin egallaydi. Temir yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish mamlakatning yangi savdo yo‘nalishlarga chiqishi, mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirishi va Yevroosiyo transport tizimidagi o‘rnini mustahkamlashi nuqtayi nazaridan tahlil qilingan.

Jumladan, Xitoy–Qirg‘iziston yo‘nalishi, Afg‘oniston orqali Pokiston portlariga chiqish imkonini beruvchi Transafg‘on temir yo‘li, Eronning Chobahor porti orqali Hind okeaniga chiqish hamda Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz va Turkiya orqali Yevropani bog‘lovchi O‘rta koridor kabi yo‘nalishlarga e’tibor qaratilgan.

Klod Leblan O‘zbekistonning bir nechta muqobil transport yo‘laklarini bir vaqtning o‘zida rivojlantirishga intilishini mamlakat tashqi siyosatining pragmatik va ko‘p vektorli yondashuvi bilan bog‘laydi. Muallif nuqtayi nazaricha, transport sohasidagi tashabbuslar nafaqat savdo yo‘llarini kengaytirish, balki mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va O‘zbekistonning Sharq bilan G‘arb o‘rtasidagi muhim transport bo‘g‘ini sifatidagi ahamiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz elchixonasida Klod Leblan bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekistonda islohotlar, tashqi siyosiy tashabbuslar va kechayotgan yangilanish jarayonlarini Fransiya hamda xalqaro jamoatchilikka kengroq yetkazish masalalari muhokama qilindi.

Yozuvchi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish